Rossiyaning Ryazan viloyati gubernatori Pavel Malkov hududga uyushtirilgan keng ko‘lamli uchuvchisiz uchish apparatlari hujumi oqibatida neftni qayta ishlash zavodida yong‘in chiqqanini ma’lum qildi.
Malkov yozma bayonotida viloyat tunda va ertalab keng ko‘lamli dron hujumlariga uchraganini bildirdi.
Hujumlar oqibatida yetkazilgan zarar haqida Malkov: “Neftni qayta ishlash zavodi hududida yong‘in chiqdi. Ryazandagi yana bir korxona hududida joylashgan ombor va transport vositalari ham shikastlandi”, — dedi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hech kim jarohatlanmaganini bildirgan Malkov moddiy zararni aniqlash ishlari davom etayotganini va favqulodda vaziyatlar xizmatlari hududda ish olib borayotganini qayd etdi.
AQSh Prezidenti Donald Tramp 11-oktabr kuni Rossiya va Ukraina bir-birining energetika infratuzilmasiga hujumlarni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishganini e’lon qilgan edi. Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa bu boradagi muloqotlar davom etayotganini bildirgan edi.

























