The Wall Street Journal gazetasining diplomatik manbalarga tayanib xabar berishicha Rossiya Davlat rahbari Vladimir Putin Ukrainadagi urushni muhokama qilish va mojaroni toʻxtatish maqsadida kelasi oy AQSh Prezidenti Donald Tramp va Xitoy Raisi Si Szinpin bilan uch tomonlama uchrashuv o‘tkazishni taklif qildi.
Uchrashuv haqida ma’lumot berilgan Rossiyaning sobiq razvedka xodimiga ko‘ra Putin bu tashabbusni 9 - oktabr kuni Tramp bilan telefon orqali boʻlib oʻtgan suhbati paytida ilgari surgan.
Mazkur suhbat davomida AQShning Rossiyadan dizel yoqilg‘isi sotib olishi va ushbu yoqilg‘ining jahon energetika bozorlariga qayta taqsimlanishiga imkon beruvchi kelishuv bo‘yicha ham bir to‘xtamga kelingan.
Kreml Matbuot xizmati kotibi Dmitriy Peskov boʻlib oʻtish ehtimoli boʻlgan ushbu sammit yuzasidan dastlabki muzokaralar olib borilganini tasdiqladi.
Peskov gazetaga bergan intervyusida mavzu haqida shunday dedi: “Uchrashuvning o‘zi yoki uning kun tartibi bo‘yicha hozircha aniq kelishuv yoʻq biroq har uchala tomon ham bunday uchrashuv o‘tkazilishi mumkinligini tan olmoqda”.
AQSh Prezidenti Tramp sammitda ishtirok etish bo‘yicha hozircha rasman majburiyat olmaganini bildirdi biroq u urushni to‘xtatish borasidagi saylovoldi va’dalarini bajarishga intilayotganini hisobga olganda, bunday uchrashuvda qatnashishga rozi bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.
APEC sammiti doirasida
Muzokaralardan xabardor manbalarning ma’lum qilishicha Moskva uch tomonlama uchrashuvni 18 – 19 - noyabr kunlari Xitoyning Shenchjen shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan Osiyo - Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi (APEC) sammiti doirasida tashkil etishni taklif qilgan.
Rossiya vakillari bu masalani diplomatik kanallar orqali Pekinga yetkazgan. Xitoy rasmiylari esa Vashington rozilik bildirgan taqdirda, bunday uchrashuvga qarshi emasliklarini ma’lum qilgan.
Rossiyaning sobiq razvedka xodimi Putinning ushbu uchrashuv formatini 1945 - yildagi Yalta konferensiyasining zamonaviy ko‘rinishi sifatida tasavvur qilayotgani va shu yo‘l bilan dunyodagi ta’sir doiralarini qayta belgilashni maqsad qilganini ta’kidladi.
Mazkur taklif Trampning AQSh ichki bozorida yoqilg‘i narxlarini pasaytirish maqsadida Rossiyadan dizel yoqilg‘isi import qilish bo‘yicha Putin bilan kelishuvga erishgani hamda AQSh prezidenti juma kuni Rossiyaga qarshi Kongress tomonidan joriy etilgan sanksiyalarni vaqtincha to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qilganidan keyin ilgari surildi.






















