Ukraina Davlat Favqulodda vaziyatlar xizmati Rossiya tomonidan Ukraina poytaxti Kiyev va Xarkov viloyatlariga qarshi hujum uyushtirilgani va oqibatida 3 kishi halok bo‘lgani, 11 kishi esa tan jarohati olganini ma’lum qildi.
Mavzu haqida bugun (20.10.2026) berilgan bayonotida, Kiyev viloyatining Obuxov tumanida Rossiya kuchlari ishlab chiqarish va saqlash obyektiga zarba bergani, hujum oqibatida 3 kishi halok bo‘lib, 6 kishi yaralangani bildirildi.
Hujum natijasida kelib chiqqan yong‘in o‘chirilgani, qidiruv - qutqaruv guruhlari esa vayronalar va chiqindilarni tozalash ishlarini davom ettirayotgani ta’kidlandi.
Xizmat ma’lumotlariga ko‘ra mamlakatning shimoli - sharqidagi Xarkov viloyatida joylashgan Izyum shahriga qarshi insonsiz havo transporti orqali uyushtirilgan hujum oqibatida yana 5 kishi yaralangan.
Rossiyaning logistika infratuzilmasiga qarshi uyushtirgan hujumlari
Ayni paytda Rossiya Mudofaa vazirligi o‘z kuchlari Ukrainaning logistika va port infratuzilmasiga, shuningdek, Ukraina qurolli kuchlari uchun harbiy va ikki maqsadda foydalanishga mo‘ljallangan materiallarni tashiyotgani aytilgan yuk kemalariga zarba berganini ma’lum qildi.
Vazirlik zarba berilgan nishonlar qatorida Xmelnitskiy viloyatidagi logistika markazi, Volin viloyatining Kovel shahridagi transport - logistika markazi hamda Odessa viloyatidagi Reni portida yuk tushirayotgan 3 ta yuk kemasi borligini bildirdi.
Mudofaa vazirligi, shuningdek, Rossiya kuchlari Ukrainaga harbiy materiallar olib ketayotgan va Odessa porti tomon harakatlanayotgan yuk kemasiga zarba berganini iddao qildi.
Rossiya Mudofaa vazirligi yana tunda Rossiyaning turli 15 ta hududida havo hujumidan mudofaa tizimlari Ukrainaga tegishli 136 ta insonsiz havo transportini aniqlab, yo‘q qilganini ma’lum qildi.



























