DUNYO
2 daqiqa o'qish
Tramp Ukrainaning Rossiyadagi dizel yoqilg‘isi zavodlariga hujumlarini tanqid qildi
“Zelenskiy bunga parvo qilmayapti. Ochig‘i, Yevropa va firibgar Jo Bayden ilgari unga bergan barcha pullarga qaramay, u bu urushni tugatishni istamayapti va ehtimol, hech qachon istamagan.”
Tramp Ukrainaning Rossiyadagi dizel yoqilg‘isi zavodlariga hujumlarini tanqid qildi
(ARXIV) Tramp Ukrainaning Rossiyadagi dizelni qayta ishlash zavodlarini nishonga olishini tanqid qildi

AQSh prezidenti Donald Tramp Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyni Rossiyadagi dizel yoqilg‘isi ishlab chiqaruvchi zavodlarni nishonga olib, jahon dizel bozorlariga jiddiy zarar yetkazishda va urushni tugatishni istamaslikda aybladi.

Donald Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida bayonot e’lon qildi.

Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni tugatishga qaratilgan tinchlik muzokaralarini davom ettirayotganini bildirgan Tramp, Rossiyani “ahmoqona tarzda” muzokaralar stolidan uzoqlashtiradigan hech qanday qadam tashlashni istamasligini aytdi.

Tramp muzokaralarda, jumladan, garovdagilar bo‘yicha olib borilayotgan muzokaralarda katta yutuqlarga erishilganini da’vo qilib, tinchlik hujjatini “o‘zi istagan istalgan paytda imzolashi mumkinligini” bildirdi.

Rossiya Eronga yordam berish uchun juda kam ish qilganini, “hatto hech narsa qilmaganini” ta’kidlagan Tramp: “Men bu holat shunday qolishini istayman va ahmoq odamlar aralashmasa, shunday saqlab qolaman”, — dedi.

“Zelenskiy bu urushni tugatishni istamayapti va ehtimol, hech qachon istamagan”

Donald Tramp Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyni AQShni ham o‘z ichiga olgan jahon dizel bozorlariga jiddiy zarar yetkazishini bila turib, Rossiyadagi dizel yoqilg‘isi zavodlarini nishonga olayotgani uchun tanqid qildi.

Bu hujumlardan fermerlar va boshqa korxonalar katta zarar ko‘rayotganini aytgan Tramp, shunga qaramay, Rossiya dunyoga arzon narxda millionlab barrel dizel yoqilg‘isi yetkazib berayotganiga e’tibor qaratdi.

“Zelenskiy bunga parvo qilmayapti. Ochig‘i, Yevropa va firibgar (sobiq prezident) Jo Bayden ilgari unga bergan barcha pullarga qaramay, u bu urushni tugatishni istamayapti va ehtimol, hech qachon istamagan. Ikki yil oldin hozir erisha oladiganidan yaxshiroq kelishuvga erishishi mumkin edi”, — dedi Tramp.

“Zelenskiyning mamlakati ayanchli ahvolda ekani, hududlarining katta qismi yo‘qotilgani, erkak aholisi yaralangan yoki halok bo‘lganini” aytgan Tramp, Ukraina va Rossiya o‘rtasida 2022-yil fevralidan buyon davom etayotgan urush tugashini istashini bildirdi.