Tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan: “CICA a’zosi Falastinning huquqlarini qo‘llab-quvvatlash hamda davom etayotgan zulm va og‘ir qoidabuzarliklarga qarshi turishda qat’iy pozitsiya namoyish etishimiz kerak. Barqaror yechim 1967-yilgi chegaralar asosida, poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil va suveren Falastin davlatini tashkil etishni talab qiladi”, — dedi.
Hakan Fidan Prezident Rejep Tayyip Erdo‘g‘an nomidan ishtirok etgan, Bokuda o‘tkazilgan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning (CICA) 7-sammitida nutq so‘zladi.
Osiyoning yuksalishi bilan ajralib turadigan bu davrda tinchlik va farovonlikni kafolatlash uchun yanada kuchli CICA zarurligini ta’kidlagan Fidan: “Turkiya sifatida CICAni Osiyodagi eng keng qamrovli xavfsizlik forumi sifatida mustahkamlashga qat’iy bel bog‘laganmiz. Shu nuqtayi nazardan, transport aloqalarini kengaytirish va energetika yo‘laklarini diversifikatsiya qilish orqali iqtisodiy xavfsizlikni mustahkamlashimiz hamda o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirishimiz kerak”, — dedi.
Dunyoda tobora ko‘payib borayotgan inqirozlar xalqaro maydonlarda noaniqlikning kuchayishiga sabab bo‘layotganidan ogohlantirgan Fidan umumiy muammolarga jamoaviy yechim topish har qachongidan ham dolzarb ekanini aytdi.
Falastin masalasi
Hakan Fidan tinchlik va o‘zaro ishonchga sodiqlik har bir a’zo uchun birdek amal qilishi kerakligini ta’kidladi.
“CICA a’zosi bo‘lgan Isroil tizimli tazyiq siyosatini yuritib, Falastin xalqining asosiy huquqlarini buzayotgan bir paytda bu sodiqlikni saqlab qola olmaymiz”, — degan Fidan so‘zini shunday davom ettirdi:
“CICA a’zosi Falastinning huquqlarini qo‘llab-quvvatlash hamda davom etayotgan zulm va og‘ir qoidabuzarliklarga qarshi turishda qat’iy pozitsiya namoyish etishimiz kerak. Barqaror yechim 1967-yilgi chegaralar asosida, poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil va suveren Falastin davlatini tashkil etishni talab qiladi”.
Tashqi ishlar vaziri sammitda butun qit’ada barqaror tinchlik va farovonlikning yuksalishini ta’minlash maqsadida CICA faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan aniq va ravshan yo‘l xaritasi belgilanishi kerakligini ta’kidladi.

















