Prezident Rejep Tayyip Erdo‘g‘an: “Husiylar tomonidan 10-oktabr kuni Riyoddagi Qirol Xolid xalqaro aeroportiga uyushtirilgan, 12 kishi halok bo‘lgan va 309 kishi yaralangan hujumlarni eng qat’iy tarzda qoralaymiz”, dedi.
Erdo‘g‘an Prezident qarorgohida Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishidan so‘ng xalqqa murojaat qildi.
Turkiya joylashgan mintaqadagi mojaro o‘choqlariga har kuni yangilari qo‘shilayotganiga e’tibor qaratgan Erdo‘g‘an quyidagilarni bildirdi:
“Livandan Yamanga va Eronga qadar cho‘zilgan hududda keskinlik kuchaymoqda. Ayniqsa, vositachi kuchlar orqali turli maqsadlarni amalga oshirishga urinilmoqda. Turkiya bir muddatdan buyon atrofini o‘rab turgan inqirozlar mintaqasiga qaramay, barqarorlik, ishonch va osoyishtalik oroli sifatidagi mavqeini kundan kunga mustahkamlamoqda.
Mintaqa masalalari uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olish tamoyili asosida kelishmovchiliklarni jang maydonida emas, muzokaralar stolida, muloqot va diplomatiya orqali hal etish tarafdorimiz. Suverenitet va hududiy yaxlitlikka o‘zaro hurmat bizning asosiy tamoyilimizdir. Bizningcha, bo‘linish va parchalanish faqat mintaqamizni qon ko‘liga aylantirmoqchi bo‘lgan yovuz kuchlarning manfaatlariga xizmat qiladi.
Shu munosabat bilan, husiylar tomonidan 10-oktabr kuni Riyoddagi Qirol Xolid xalqaro aeroportiga uyushtirilgan, 12 kishi halok bo‘lgan va 309 kishi yaralangan hujumlarni eng qat’iy tarzda qoralaymiz. Oralarida umra ziyoratiga borganlar ham bo‘lgan marhum birodarlarimizga Allohdan rahmat, yaralangan birodarlarimizga esa tezroq shifo tilaymiz. Turkiya huquq va insoniylikka zid hujumlar qarshisida Saudiya Arabistoni va saudiyalik birodarlari yonidadir.”
Prezident Erdo‘g‘an Turkiya, Pokiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasida 7-avgust kuni imzolangan Qo‘shma mudofaa bitimining institutsional asoslarini shakllantirish ishlari davom etayotganini ham ta’kidladi.
























