AQSh Prezidenti Donald Tramp kelasi oy Xitoyda Rossiya Davlat rahbari Vladimir Putin va Xitoy Raisi Si Szinpin bilan uchrashishga tayyor ekanini bildirdi. Trampning ta’kidlashicha bunday uch tomonlama sammit eng avvalo yadroviy qurolsizlanish masalasiga qaratiladi, shu bilan birga, Ukrainadagi urush ham kun tartibidan o‘rin olishi mumkin.
Jurnalistlarga mavzu haqida bayonot bergan Tramp: «Men bu sammitda qatnashaman ammo Ukraina masalasi uchun emas, chunki ochig‘ini aytganda, Rossiya Ukraina borasida muammo tug‘dirmayapti. Ular bu borada hech narsa ham qilmayapti» — dedi. U urushni tugatish uchun «qo‘lidan kelgan barcha ishni» qilishga tayyor ekanini ham oʻz soʻziga ilova etdi.
Moskva bilan yaqinda erishilgan dizel yoqilg‘isi bo‘yicha kelishuv hamda AQSh Kongressi tomonidan joriy etilgan sanksiyalardan ozod qilish haqidagi qarorni himoya qilgan Tramp Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyga nisbatan keskin shaxsiy fikr bildirdi va oʻz soʻzida: «Zelenskiy nima deyayotganini bilmaydi... Rostini aytsam, menimcha, Ukraina nomidan muzokara olib borish vazifasini boshqa birovga topshirish vaqti keldi» - degan ifodalarga oʻrin berdi.
Kreml 18 – 19 - noyabr kunlari Shenchjen shahrida bo‘lib o‘tadigan Osiyo - Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi (APEC) sammiti doirasida boʻlib oʻtish ehtimoli boʻlgan uchrashuv yuzasidan maslahatlashuvlar olib borilayotganini tasdiqladi. Biroq Kreml Matbuot xizmati kotibi Dmitriy Peskov hozircha rasmiy kun tartibi belgilanmaganini qayd etdi.
AQShning qurol - yarog‘ yetkazib berishni to‘xtatib turishi
Ukraina Tashqi Ishlar vaziri Andriy Sibiga Kiyev ishtirokisiz o‘tkaziladigan uch tomonlama muzokaralarni qat’iy rad etib, bunday format faqat Moskvani yanada dadillashtirishini ta’kidladi.
Ukrainaga tashrif buyurgan AQSh Kongressi delegatsiyasi bilan uchrashgan Zelenskiy Vashingtonning so‘nggi paytlarda qabul qilgan qarorlari, jumladan, qurol - yarog‘ yetkazib berishni to‘xtatish va razvedka ma’lumotlari almashinuvini cheklash kabi choralar «do‘stlar o‘rtasida tushuntirish qiyin bo‘lgan» qadamlar ekaniga e’tibor qaratdi.
Zelenskiyning ma’lum qilishicha Ukraina kuchlari insonsiz havo transportlaridan himoyalanishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan «Starshield» sun’iy yo‘ldosh tizimidan foydalanishda operativ cheklovlarga duch kelmoqda. Shuningdek, u o‘tgan hafta uch marta Rossiya hujumlari oldidan hamkorlaridan olinishi kerak bo‘lgan odatiy ogohlantirishlarni olmaganliklarini bildirdi.
Zelenskiy hayotiy ahamiyatga ega bo‘lgan raketalar partiyasi esa AQSh Mudofaa vaziri Pit Xegsetning imzosini kutayotgani sababli hali hanuz yetkazib berilmaganini qo‘shimcha qildi.
U mavzu haqida: «Bularning barchasi bizga ko‘rsatilayotgan yordamni sekinlashtirish maqsadida siyosiy qaror qabul qilinganini ko‘rsatmoqda», — dedi.
Ukraina rahbari, shuningdek, Vashington Patriot havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun tutib qoluvchi raketalarni yetkazib bergan taqdirda, Ukraina Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga qarshi hujumlarini 30 kun muddatga to‘xtatishni taklif qildi.
Bu holat AQSh Prezidentining maxsus vakillari Stiv Vitkoff va Jared Kushner bilan Norvegiyada yaqin kunlarda uchrashuvlar o‘tkazilishi kutilayotgani haqidagi ma’lumotlarni ham tasdiqladi.























