TURKIYA
2 daqiqa o'qish
Prezident Erdo‘g‘an: “Mamlakatimizni atrofimizdagi mojarolardan uzoq tutdik”
Erdo‘g‘an: “Atrofimiz olov halqasi bilan o‘ralgan.”
Prezident Erdo‘g‘an: “Mamlakatimizni atrofimizdagi mojarolardan uzoq tutdik”
Prezident Rajab Toyyib Erdoʻgʻon

Prezident Rejep Tayyip Erdo‘g‘an: “Bunday tartibsizlik va inqiroz sharoitida Turkiyaga zarracha zarar yetmasligi uchun tun-u kun mehnat qilyapmiz. Shukrki, hozirgacha bunga ham muvaffaq bo‘ldik”, — dedi.

Prezident Erdo‘g‘an Prezident qarorgohida o‘tkazilgan muxtorlar (mahalla va qishloq oqsoqollari) uchrashuvida Turkiyaning turli hududlaridan kelgan mahalla va qishloq oqsoqollari bilan uchrashdi.

U yerdagi nutqida “Mintaqamizda tobora kuchayib borayotgan inqiroz bo‘roni kechmoqda”, — degan Erdo‘g‘an quyidagi fikrlarni bildirdi:

“Shundoqqina shimolimizda davom etayotgan Rossiya–Ukraina urushi bir necha oydan so‘ng beshinchi yilini to‘ldiradi. Isroilning Falastinga qarshi hujumlari imzolangan kelishuvlarga qaramay, shiddat bilan davom etmoqda. Qo‘shnimiz Erondagi keskinlik to‘liq tugamasidan, bu safar Yamanda yangi mojaro uchquni yoqildi. Husiylarning do‘stimiz va qardoshimiz Saudiya Arabistonini nishonga olgan hujumlari mintaqamizdagi keskinlikning yanada kuchayishiga sabab bo‘ldi. Ular Ar-Riyoddagi aeroportga uyushtirgan hujumda ko‘plab musulmon birodarlarimiz, jumladan, umra ziyoratchilari ham vafot etdi. Yuzlab birodarlarimiz yaralandi. Livanga qarasak, afsuski, u yerda ham vaziyat umuman quvonarli emas. Suriyadan yaxshi xabarlar kelmoqda, ammo sionist Isroil u yerda ham vaziyatni izdan chiqarish uchun qo‘lidan kelganini qilmoqda. Doim aytaman-ku, atrofimiz olov halqasi bilan o‘ralgan deb. Hozirgi holatimiz aynan shunday.”

Erdo‘g‘an so‘zini shunday davom ettirdi:

“Biz mana shunday tartibsizlik va inqiroz sharoitida Turkiyaga zarracha zarar yetmasligi uchun tun-u kun mehnat qilyapmiz. Shukrki, hozirgacha bunga ham muvaffaq bo‘ldik. Mamlakatimizni atrofimizdagi mojarolardan uzoq tutdik. G‘alamisliklarga uchmadik, tuzoqlarga tushmadik, ig‘volarga berilmadik. Oqilona, sabr-toqat va vazminlik bilan barcha murakkab jarayonlarni muvaffaqiyatli boshqardik.”

Prezident nutqini quyidagi so‘zlar bilan yakunladi:

“Dunyoni ekspluatatsiya qilib, mintaqamizni qon dengiziga aylantirib, o‘zlari uchun farovon hayot qurmoqchi bo‘lganlarga bosh egmaymiz. Qorong‘i va iflos o‘yinlarga... Bularning barchasiga qarshi juda, juda ehtiyotkor bo‘lamiz. Musulmonlarni bir-biriga qarshi qo‘yishga urinayotganlarga nisbatan hushyor bo‘lamiz. Xalqimizning umidini so‘ndirishga, ruhini tushirishga, oramizda nifoq devorlarini qurishga urinayotganlarga qarshi doimo ogoh turamiz.”