Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi muammolar avj olgan bir paytda global neft va tabiiy gaz ta’minotining 14 foiziga ta’sir qilgan bo‘lishiga qaramay muqobil quvurlar, neft zaxiralari va talabning pasayishi global energetika tizimiga zarbani yumshatishda muhim rol o‘ynadi.
McKinsey Global institutining «Aks - sado ta’sirlari: Ho‘rmuz bo‘g‘ozi inqirozidan keyingi energetika xavfsizligi» hisobotiga asoslangan ma’lumotlarga ko‘ra Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi uzilish zamonaviy davrdagi eng yirik energiya ta’minoti uzilishiga aylandi.
AQSh/Isroil – Eron urushidan oldingi davrda global neft ta’minotining qariyb 20 foizi hamda global suyultirilgan tabiiy gaz (LNG) savdosining qariyb 20 foizi Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tgan.
Uzilish eng kuchaygan davrda global neft va gaz ta’minotining 14 foizi izdan chiqdi. Bu ko‘rsatkich 1970 - yillardagi neft inqirozlari ta’siridan ikki barobar, Rossiya – Ukraina urushining 2022 - yildagi eng yuqori ta’siridan esa olti barobar ko‘p bo‘ldi. Ta’sir ko‘rgan energiya ta’minotining 91 foizini neft tashkil etdi.
Tabiiy gaz bo‘yicha esa global ta’sir nisbatan cheklangan bo‘ldi. Jarayon davomida gaz ta’minotining atigi 3 foizi bevosita ta’sirlandi. Global LNG savdosining beshdan bir qismi Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tishiga qaramay, LNG global gaz ta’minotining 15 foizidan kamini tashkil etadi.
Muqobil yo‘nalishlar va zaxiralar ishga tushirildi
2025 - yilning so‘nggi choragida Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kuniga qariyb 21 million barrel neft o‘tgan bo‘lsa, inqiroz davrida ushbu oqimning kuniga qariyb 3,3 million barreli davom etdi.
Hisobotga ko‘ra inqirozdan oldin Xitoy va boshqa davlatlar neft zaxiralarini oshirib borayotgan edi. Ushbu xaridlarning to‘xtashi ham hisobga olinganda, global tizimda qoplanishi kerak bo‘lgan neft ta’minoti va talab o‘rtasidagi tafovut kuniga qariyb 15,5 million barrel deb baholandi.
Ushbu miqdorning qariyb 35 foizi muqobil quvurlar orqali qayta yo‘naltirish va Ho‘rmuzdan tashqaridagi ishlab chiqarishni oshirish hisobiga qoplandi. Saudiya Arabistonining Sharq – G‘arb xom neft quvuri hamda Birlashgan Arab Amirliklarining Fujayraga olib boruvchi quvuridan yanada faol foydalanish natijasida kuniga qariyb 4,7 million barrel qo‘shimcha neft Ho‘rmuzni chetlab o‘tib, bozorga yetkazildi.
Braziliya, Qozog‘iston, AQSh va Venesuela boshchiligidagi Ho‘rmuzdan tashqaridagi ishlab chiqaruvchilarning qo‘shimcha ishlab chiqarishi ham kuniga qariyb 500 ming barrel hissa qo‘shdi.
Ehtiyojlarni qondirish uchun neft zaxiralaridan foydalanish esa neft taqchilligining 20 foizini qopladi. Bu jarayonda global zaxiralardan kuniga qariyb 3,5 million barrel neft sarflandi. Uning qariyb 2,5 million barreli Xalqaro energetika agentligi a’zolari tomonidan muvofiqlashtirilgan zaxiralardan, qariyb 1 million barreli esa Xitoydan olindi.
Qolgan miqdorning qariyb 45 foizi esa neft iste’molining kuniga 6,8 million barrelga kamayishi hisobiga muvozanatlashtirildi.
Neftni qayta ishlashdagi yo‘qotishlar va zaifliklar ta’minot xavfini oshirmoqda
Hisobotga ko‘ra ishga tushirilgan ushbu mexanizmlar energetika tizimining zarbaga chidamliligini oshirgan bo‘lsa - da, ularning chegaralari tobora yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Avgust oyi oxiriga kelib, global miqyosda zaxiralardan qariyb 500 million barrel neft sarflandi. Bu jahon iqtisodiyotining besh kunlik neft ehtiyojiga teng ekani hisoblangan.
Bu davrda neftni qayta ishlash tizimiga bosim ham tobora kuchaymoqda. Ko‘rfazdagi neftni qayta ishlash zavodlarida bo‘g‘ozdagi uzilishlardan tashqari, bevosita yetkazilgan ziyon sababli ishlab chiqarishning chorak qismidan ko‘prog‘i to‘xtadi. Iyul o‘rtalarida Rossiyadagi neftni qayta ishlash quvvatlarining kuniga qariyb 2 million barreli ishdan chiqdi. Boshqa hududlardagi zavodlar deyarli to‘liq quvvatda ishlayotgan bo‘lsa - da, bu yo‘qotishning o‘rnini to‘liq qoplay olmayapti va global miqyosda narxlarning oshishiga ham sabab bo‘lmoqda.
Ho‘rmuzga muqobil yo‘nalishlardan biri sifatida foydalanilayotgan Saudiya Arabistonining Sharq – G‘arb xom neft quvurining hujumlar sabab sentabr oyida vaqtincha yopilishi ham muqobil yo‘nalishlarning mintaqadagi voqealarga nisbatan zaifligini ko‘rsatuvchi omillardan biri sifatida qayd etilgan.
Yangi quvurlar 2030 - yilda kuniga 13 million barrel muqobil quvvat taqdim etishi mumkin
Hisobotga ko‘ra energetika xavfsizligini oshirish maqsadida hozir amalga oshirilayotgan yoki muhokama qilinayotgan chora - tadbirlar 2030 - yilgacha hayotga tatbiq etilsa, Ho‘rmuzda yuz berishi mumkin bo‘lgan yangi inqiroz sharoitida inqirozdan oldingi neft oqimlarining 35 – 70 foizi qoplanishi mumkin. Bu kuniga qariyb 7 milliondan 15,5 million barrelgacha bo‘lgan neft oqimiga teng.
McKinsey ushbu hisob - kitob prognoz emasligini, balki kun tartibidagi loyihalar va chora - tadbirlar amalga oshirilgan taqdirda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salohiyatni ko‘rsatishini ta’kidladi.
Ho‘rmuzni chetlab o‘tuvchi quvurlarda inqirozdan oldin kuniga qariyb 4,5 million barrel zaxira quvvat mavjud bo‘lgan. Inqirozdan oldin rejalashtirilgan investitsiyalar hisobiga ushbu quvvat 2030 - yilga kelib qariyb 6,5 million barrelga yetishi kutilgan edi.
Inqirozdan keyin kun tartibiga kiritilgan qo‘shimcha quvur loyihalari ham amalga oshirilsa, Ho‘rmuzga muqobil umumiy yo‘naltirish salohiyati kuniga 13 million barrelgacha yetishi mumkinligi hisoblangan.
Hisobotda kun tartibidagi loyihalar qatorida Iroq va Turkiya o‘rtasida muhokama qilinayotgan quvur varianti, Saudiya Arabistonining Sharq – G‘arb quvuri quvvatini oshirish hamda BAAning ichki neft konlarini Fujayra porti bilan bog‘lashi mumkin bo‘lgan uchinchi quvur loyihasi qayd etilgan.
Energetika xavfsizligi qaramliklarni butunlay yo‘q qilishdan ko‘ra ularni samarali boshqarishga asoslanishi ta’kidlanib, kelajakdagi inqirozlarga qarshi muqobil ta’minot manbalari, yangi savdo yo‘nalishlari, strategik zaxiralar, elektrlashtirish, toza energiya va talabni boshqarish kabi vositalarni birgalikda ko‘rib chiqish zarurligi qayd etildi.























