IQTISODIYOT
2 daqiqa o'qish
Rossiyada benzin va dizel savdosiga cheklovlar joriy etildi
Artur Parfenchikov ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Rossiyaning «Rosneft» neft kompaniyasiga qarashli yoqilg‘i quyish shoxobchalarida savdo vaqtincha cheklanganini ma’lum qildi.
Rossiyada benzin va dizel savdosiga cheklovlar joriy etildi
_

Rossiyada Ukraina tomonidan neftni qayta ishlash zavodlariga qarshi insonsiz havo transportlari (IHT) yordamida uyushtirilayotgan hujumlar davom etayotgan bir paytda, mamlakatning turli hududlarida benzin va dizel yoqilg‘isi sotuviga yana cheklovlar joriy etildi.

Kareliya o‘lkasi gubernatori Artur Parfenchikov ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Rossiyaning «Rosneft» neft kompaniyasiga qarashli yoqilg‘i quyish shoxobchalarida savdo vaqtincha cheklanganini ma’lum qildi.

Uning bildirishicha, shaharlarda bir avtomobilga ko‘pi bilan 30 litr, shaharlararo yo‘llarda esa 50 litr benzin sotishga ruxsat beriladi. Dizel yoqilg‘isi savdosi 50 litr, og‘ir yuk avtomobillari uchun esa 200 litr bilan cheklangan.

Shuningdek, kanistrlarda yoqilg‘i sotish ham to‘xtatilgan. Parfenchikovning ta’kidlashicha, ushbu choralar ortiqcha talabning oldini olish va yoqilg‘i quyish shoxobchalari faoliyatining uzluksizligini ta’minlash maqsadida joriy etilgan.

Buryatiya Respublikasi hukumati ham «Rosneft» yoqilg‘i quyish shoxobchalarida xuddi shunday cheklovlar kuchga kirganini ma’lum qildi.

Zabaykalye o‘lkasi Iqtisodiy rivojlanish vazirligi esa «Rosneft» mamlakat bo‘ylab o‘ziga qarashli yoqilg‘i quyish shoxobchalarida sotuv hajmini cheklaganini bildirdi.

Rossiyaning Arxangelsk, Penza, Nijniy Novgorod va Krasnoyarsk hududlarida ham yoqilg‘i savdosiga cheklovlar joriy etilgani haqida xabarlar tarqaldi.

So‘nggi vaqtlarda Ukraina Rossiyadagi neftni qayta ishlash zavodlariga insonsiz havo transportlari (IHT) orqali hujumlarni kuchaytirgani ortidan mamlakatda yoqilg‘i ta’minoti bilan bog‘liq muammolar yana kun tartibiga chiqdi.

Rossiyada yoz oylarida ham shunga o‘xshash muammolar kuzatilgan edi. O‘shanda hukumat ichki bozorni yoqilg‘i bilan ta’minlash maqsadida benzin va dizel eksportiga cheklovlar joriy qilgan.