Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan mamlakatining energetika strategiyasini qayta ko‘rib chiqayotgan bir paytda, Ozarbayjonni ham o‘z ichiga olgan qo‘shni davlatlar bilan elektr energiyasi savdosiga ochiq ekanini bildirdi.
Nikol Pashinyan jurnalistlarga bergan bayonotida sun’iy intellekt sohasidagi investitsiyalar Armanistonning energiyaga bo‘lgan ehtiyojini oshirishi mumkinligi va shu sababli energetika strategiyasini yangi shart - sharoitlarga mos ravishda qayta ko‘rib chiqish zarurligini qayd etdi.
Mamlakatda quyosh elektr stansiyalari va energiya saqlash inshootlarini rivojlantirishga ustuvor ahamiyat berayotganini bildirgan Pashinyan energetik mustaqillikni asosiy strategiya sifatida belgilaganini ifoda etdi.
Nikol Pashinyan xalqaro energetika savdosidan butunlay voz kechmasliklarini ta’kidlab: «Zarurat tug‘ilganda elektr energiyasini eksport qilishimiz, zarurat tug‘ilganda esa import qilishimiz mumkin. Bunga Ozarbayjon bilan elektr energiyasini import va eksport qilish masalalaridagi ehtimoliy hamkorlik ham kiradi. Xuddi Turkiya, Eron, Gruziya va boshqa barcha qo‘shni davlatlar bilan bo‘lgani kabi» - dedi.
Ozarbayjonlik mutaxassislarning Armanistonga tashrif buyurganini tasdiqlagan Pashinyan ikki davlat o‘rtasida infratuzilma masalalari bo‘yicha ikki tomonlama ishlar olib borilayotgani va shu doirada mutaxassislar 2025 - yilning sentyabr oyida...
«Yaqin kelajakda Ozarbayjonga ham eksport amalga oshirilishiga ishonchim komil»
Ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro tovar savdosi ham kun tartibida ekanini bildirgan Pashinyan: «O‘zaro tovar savdosi kun tartibida. Yaqin kelajakda Armanistondan Ozarbayjonga eksport ham amalga oshirilishiga ishonchim komil» - dedi.
Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev ikki kun avval AZTV telekanaliga bergan intervyusida Armanistonga elektr energiyasi eksport qilishlari mumkinligi, Armaniston hududida elektr ustunlari o‘rnatiladigan nuqtalar Ozarbayjon mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida aniqlanganini ma’lum qilgan edi.






















