Rossiya Inson salomatligi va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish xizmati da’volarni rad etar ekan, AQSh Davlat departamenti rasmiysi jarayonni yaqindan kuzatayotganlarini bildirib: “Rossiya rasmiylarini to‘g‘ri ma’lumotlarni tezkor va ochiq tarzda jamoatchilik bilan bo‘lishishga chaqiramiz”, dedi.
Rossiyaning Sibir hududidagi Irkutsk O‘latga qarshi kurash institutida laborant bo‘lib ishlagan ayolning 2-oktabrga o‘tar kechasi shubhali infeksiya oqibatida vafot etishi laboratoriya avariyasi va epidemiya yuzasidan xavotirlarga sabab bo‘ldi.
Rossiya matbuotidagi xabarlarga ko‘ra, institutning 28 yoshli xodimi Darya Shipilovaga kelib chiqishi noma’lum zotiljam tashxisi qo‘yilgan. Uning o‘latni keltirib chiqaruvchi “Yersinia pestis” bakteriyasi bo‘lgan singan probirka bilan kontaktda bo‘lgani da’vo qilindi. Ayrim ommaviy axborot vositalari esa yosh laborant xizmat safaridan qaytgach kasallanganini ilgari surdi. Ehtiyot chorasi sifatida qariyb 200 kishi tibbiy kuzatuvga olingani bildirildi.
Kasbiy faoliyati bilan bog‘liqligi aniqlanmadi
Rossiya Inson salomatligi va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish xizmati Shipilovaning kelib chiqishi noma’lum zotiljam tufayli vafot etganini tasdiqladi. Biroq institutda yuqumli mikroorganizmlar bilan ishlash paytida hech qanday avariya yuz bermagani va so‘nggi 10 kun ichida institut xodimlaridan hech kim yuqumli kasallik alomatlari bilan tibbiyot muassasalariga murojaat qilmagani ta’kidlandi.
Shuningdek, Shipilovadan olingan namunalar batafsil tekshirilgani, ammo o‘limga sabab bo‘lgan kasallik xodimning kasbiy faoliyati bilan bog‘liq biror mikroorganizmga ishora qilmagani bildirildi. Irkutsk viloyatidagi jamoat salomatligi holati “barqaror” ekani ma’lum qilindi.
AQSh: Rossiya rasmiylarini to‘g‘ri ma’lumotlarni jamoatchilik bilan bo‘lishishga chaqiramiz
Jamoatchilikka tarqalgan da’volar AQSh ma’muriyatini ham harakatga keltirdi. AQSh matbuotiga gapirgan Davlat departamenti rasmiysi: “Rossiyaning Irkutsk viloyatida o‘lim bilan yakunlangan shubhali o‘pka o‘lati holati haqidagi xabarlardan xabardormiz. Vaziyatni Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi (CDC) hamda boshqa idoralar bilan hamkorlikda yaqindan kuzatyapmiz”, dedi.
O‘lat “Yersinia pestis” bakteriyasi keltirib chiqaradigan yuqumli kasallik sifatida ma’lum. Uning eng o‘limli va eng kam uchraydigan shakli bo‘lgan, og‘ir zotiljamga olib keladigan “o‘pka o‘lati” davolanmasa, bir necha kun ichida o‘lim bilan yakunlanishi mumkin. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga ko‘ra, odamlar kasallikni burga chaqishi, kontakt yoki nafas yo‘li orqali yuqtirishi mumkin.





















