Kiyev meri Vitaliy Klichko Rossiya poytaxtdagi muhim ko‘priklardan birini nishonga olganini ma’lum qildi. Hujum shaharda transport harakatining jiddiy buzilishiga sabab bo‘ldi.
Shimoliy ko‘prikka hujum dron xavfi haqida ogohlantirish berilganidan so‘ng amalga oshirildi. Bundan bir kun avval Janubiy ko‘prik ham zarbaga uchragan, shahar rasmiylari hujumlar to‘lqini “Kiyevni parchalab tashlayotganini” aytgan edi.
Rossiya 2022-yil fevralida Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urush boshlaganidan buyon janglar asosan mamlakat sharqidagi quruqlik hududlarida kechdi. Kiyev esa front chizig‘iga yaqin hududlarda kuzatilgan katta vayronagarchiliklardan nisbatan chetda qolib kelgan edi.
Klichko Telegram orqali bergan bayonotida: “Shimoliy ko‘prik zarbaga uchradi. Favqulodda xizmatlar voqea joyiga yo‘l olmoqda”, dedi.
Keyinroq u hujum oqibatida ko‘prikning yo‘l qoplamasi va trolleybus elektr tarmoqlari zarar ko‘rganini ma’lum qildi.
“Köprikda chap qirg‘oqdan o‘ng qirg‘oqqa o‘tish hozircha yopiq”, dedi Klichko.
So‘nggi hujum poytaxtning sharqiy va g‘arbiy qismlarini bog‘lovchi Dnepr daryosi ustidagi o‘tish yo‘llariga qaratilgan qator zarbalardan keyin amalga oshirildi.
Rasmiylar juma kuni tez harakatlanuvchi reaktiv dvigatelli dronlar bilan uyushtirilgan hujumlardan so‘ng Kiyevning asosiy o‘tish yo‘llaridan biri — Janubiy ko‘prikni yopgan, yana bir ko‘prikda esa transport harakatini cheklagan edi. Bu holat poytaxt bo‘ylab jiddiy tirbandliklarga sabab bo‘ldi.
Muqobil yo‘nalishlardan foydalanishga majbur bo‘lgan haydovchilar tufayli asosiy yo‘llarda avtomobil va avtobuslarning uzun navbatlari yuzaga keldi. Ayrim yo‘lovchilar esa yo‘lning bir qismini piyoda davom ettirishga majbur bo‘ldi.
Janubiy ko‘prik Kiyevning ikki qirg‘og‘ini bog‘laydigan sakkizta o‘tish yo‘lidan biridir.
Shahar rasmiylariga ko‘ra, osma ko‘prik payshanba kunidan buyon bir necha bor zarbaga uchragan.
Klichko juma kuni poytaxt endilikda urush sharoitlariga mos ravishda harakat qilishi kerakligi haqida ogohlantirgan edi.






















