DUNYO
3 daqiqa o'qish
AQSh Iroqdan chiqish jarayoni yakunlanganini e’lon qildi
Iroq Bosh vaziri Ali az-Zaydiy: “2026-yil 30-sentabr xotiralarda qoladigan kun.”
AQSh Iroqdan chiqish jarayoni yakunlanganini e’lon qildi
Iroq Bosh vaziri Ali az-Zaydiy: "2026-yil 30-sentabr — xotirada qoladigan kun"

AQSh armiyasi 2003-yilda bosib olgan Iroqdan chiqish jarayonini yakunlaganini ma’lum qildi.

AQSh Mudofaa vazirligi — Pentagon matbuot kotibi Shon Parnell chiqish jarayoni yuzasidan yozma bayonot berdi.

Parnell AQSh va Iroq o‘rtasida 2024-yil sentabrda e’lon qilingan qo‘shma bayonot hamda “AQShning milliy manfaatlari” doirasida AQSh va koalitsiya kuchlarining Iroqdan chiqish jarayoni yakunlanganini bildirdi.

AQShning Iroqdagi bosqini davomida mintaqadagi terror tahdidi bartaraf etilganini da’vo qilgan Parnell quyidagi fikrlarni bildirdi:

“Peshmerga va Shimoliy Iroqdagi boshqa xavfsizlik kuchlarini ham o‘z ichiga olgan Iroq xavfsizlik kuchlari mamlakat xavfsizligini ta’minlash va DEASh qoldiqlarini bostirishga qaratilgan sa’y-harakatlarga yetakchilik qilishini kutmoqdamiz.”

Parnell Pentagon Iroqqa harbiy tayyorgarlik va razvedka sohalarida yordam berishni davom ettirishini qayd etib, shunday dedi:

“AQSh o‘z chegaralari xavfsizligini ta’minlaydigan, xalqini himoya qiladigan hamda ikki mamlakat o‘rtasida yanada chuqur savdo, diplomatik va xavfsizlik hamkorligiga asos yaratadigan kuchli va suveren Iroqni qo‘llab-quvvatlaydi.”

Ayni paytda Iroq Bosh vaziri Ali az-Zaydiy ham AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiyaning mamlakatda DEASh terror tashkilotiga qarshi kurash missiyasi yakunlanganini bildirdi.

Zaydiy poytaxt Bag‘dodda “Suverenitet kuni” va xalqaro koalitsiya faoliyatining yakunlanishi munosabati bilan o‘tkazilgan rasmiy marosimda nutq so‘zladi.

Iroq xavfsizlik kuchlarining yillar davom etgan “fidokorona va qahramonona” sa’y-harakatlari tufayli butun mamlakatda xavfsizlik va hududlar ustidan nazorat ta’minlanganini qayd etgan Zaydiy AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiyaning mamlakatdagi DEAShga qarshi kurash missiyasi rasman yakunlanganini va 2026-yil 30-sentabr “xotiralarda qoladigan kun” ekanini aytdi.

Xalqaro koalitsiyaning DEAShga qarshi kurash vazifasi yakunlanishi do‘st mamlakatlar va xalqlar o‘rtasidagi hamkorlik “ekstremizm va vahshiylikning eng qorong‘i davrlaridan biri ustidan g‘alaba qozonishga olib kelganini” ko‘rsatishini bildirgan Zaydiy Iroq xalqining qurolli kuchlar bilan birgalikdagi kurashi armiyani qayta tashkil etishga yo‘l ochganini ta’kidladi.

Do‘st mamlakatlar ushbu muhim kurashda Iroqqa yordam berganini aytgan Zaydiy Iroq qurolli kuchlari ham o‘z saflarini qayta tartibga solib, qurol-yarog‘ va texnika jihatidan kuchayganini bildirdi.

Xalqaro koalitsiyada qatnashgan mamlakatlarga hamda Iroq xavfsizlik kuchlari bilan birga ishlagan qo‘mondonlar, ofitserlar, instruktorlar va maslahatchilarga minnatdorlik bildirgan Zaydiy koalitsiya vazifasining yakunlanishi terrorizmga qarshi kurash tugaganini anglatmasligini ta’kidladi.

Zaydiy bu voqea Iroq o‘z xavfsizligi va barqarorligi uchun to‘liq mas’uliyatni zimmasiga oladigan yangi davrga o‘tish ekanini bildirdi.

Iroq Bosh vaziri Zaydiy: “Qonun doirasidan tashqarida qurol, davlat muassasalaridan tashqarida kuch bo‘lmaydi”, dedi.

Saddam Husayn rejimini ag‘darish uchun 2003-yil martda Iroqni bosib olgan AQShning ushbu mamlakatda ma’lum bo‘lgan 9 ta harbiy bazasi bor edi. AQSh 2011-yilda ham Iroqdan chiqib ketgan bo‘lsa-da, mazkur harbiy bazalar orqali u yerdagi mavjudligini mustahkamladi.

AQShning 2003-yilda Iroqni bosib olishi bilan boshlangan harbiy mavjudligi yillar davom etgan vayronagarchilik va og‘ir insoniy yo‘qotishlardan so‘ng yakunlanar ekan, ortda ulkan insoniy fojia qoldi.