Ukraina Davlat favqulodda vaziyatlar xizmati (DSNS) Rossiya armiyasining tunda uyushtirgan havo hujumlarida 8 kishi halok bo‘lgani, 22 kishi jarohatlanganini ma’lum qildi.
DSNSning yozma bayonotida Rossiya armiyasi tunda poytaxt Kiyevga havo hujumi uyushtirgani bildirildi.
Bayonotga ko‘ra, hujum oqibatida 2 kishi halok bo‘lgan, 8 kishi jarohatlangan. «Kiyevdagi tungi bombardimon natijasida 50 dan ortiq fuqarolik obyekti zarar ko‘rdi. Ular orasida turar joylar, pochta bo‘limlari, tug‘ruqxona va to‘qimachilik korxonasi bor», deyiladi bayonotda.
Xarkiv viloyatidagi fermer xo‘jaligiga qilingan hujumda esa 6 kishi halok bo‘lgani va 12 kishi jarohatlangani qayd etildi.
Bayonotda Odessa viloyatiga uyushtirilgan hujumda ham 2 kishi jarohatlangani bildirildi.
Ukraina armiyasi Havo kuchlari qo‘mondonligi 7 ta raketa va turli rusumdagi 220 ta uchuvchisiz uchish apparati zararsizlantirilganini ma’lum qildi.























