SIYOSAT
2 daqiqa o'qish
Xitoy Germaniyani Yevropa Ittifoqi bilan savdo urushini oldini olishga ko‘maklashishga chaqirdi
Berlin iqtisodiy munosabatlarda adolatli qoidalar va teng sharoitlarni ta'kidlaydi, Pekin esa muloqot va erkin savdoga chaqiradi.
Xitoy Germaniyani Yevropa Ittifoqi bilan savdo urushini oldini olishga ko‘maklashishga chaqirdi
Xitoy Germaniyani Yevropa Ittifoqi doirasida “oqilona va pragmatik” yondashuvni saqlab qolishga, erkin savdoni qo‘llab-quvvatlashga hamda proteksionistik choralarga qarshi chiqishga chaqirmoqda. (Reuters)

Xitoyning oliy martabali diplomati Van Yi Germaniyani Pekin va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida savdo urushining oldini olishga ko‘maklashishga chaqirib, yaqin iqtisodiy hamkorlik va muloqot har ikki tomon manfaatlariga xizmat qilishini ta’kidladi.

Xitoy TIV ma'lumotiga ko‘ra, Van Yi bu haqda seshanba kuni Germaniya tashqi ishlar vaziri Yoxan Vadeful bilan telefon orqali muloqot chog‘ida aytib o‘tdi.

U Xitoy va Yevropa Ittifoqini «kompleks strategik hamkorlar» deb atab, yuzaga kelayotgan kelishmovchiliklarni to‘qnashuvlar orqali emas, balki muloqot yo‘li bilan hal etish zarurligini qayd etdi. Van Yi Germaniyani Yevropa Ittifoqi doirasida «ratsional va pragmatik» yondashuvni saqlab qolishga, erkin savdoni qo‘llab-quvvatlash va proteksionistik choralarga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi. Shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi mustahkam hamkorlik o‘zaro manfaatli «to‘g‘ri tanlov» ekanini qo‘shimcha qildi.

Berlin adolatli savoni yoqlamoqda

Germaniya TIV ikki vazir barqaror jahon iqtisodiyoti Xitoy, Germaniya va Yevropa manfaatlariga xizmat qilishiga kelishib olganini ma'lum qildi. Biroq Berlin savdo munosabatlari adolatli qoidalar hamda «teng raqobat sharoiti»ga asoslanishi lozimligini ta'kidlab, iqtisodiy hamkorlikdagi nomutanosibliklar va bozorga kirishdagi cheklovlarga oid xavotirlarini bildirdi.

Vadeful Germaniya Yevropa Ittifoqi va Xitoy o‘rtasidagi ziddiyatlarni muloqot orqali bartaraf etishni qo‘llab-quvvatlashini va bu borada faol rol o‘ynashga tayyorligini tasdiqlab, Berlinning «Yagona Xitoy» siyosatiga sodiqligini bildirdi.

Ushbu muloqot Bryussel va Pekin o‘rtasida kuchayib borayotgan savdo tarangligini yumshatish urinishlari fonida o‘tdi. Yevropalik mulozimlar Xitoy bozoriga kirish va savdo balansi masalasida bosim o‘tkazayotgan bir paytda, Pekin proteksionizmga qarshi chiqmoqda.

Tayvan, Ukraina va Eron masalalari

Tomonlar, shuningdek, Ukraina, Eron hamda Tayvan atrofidagi vaziyatni muhokama qilishdi. Van Yi Germaniyani Tayvan bo‘g‘ozida tinchlik va barqarorlikni saqlashga ko‘maklashishga chaqirdi. Uning ta'kidlashicha, bu ikki davlat o‘rtasidagi yuqori darajadagi aloqalarni davom ettirish uchun zamin yaratadi. Pekin o‘z navbatida Tayvanni o‘z hududi deb hisoblaydi, Tayvanda esa bu suverenitet da'volari qat'iy rad etiladi.

Mazkur muloqot savdo va keng qamrovli geosiyosiy masalalarda qarashlar turlicha bo‘lishiga qaramay, ikki hukumat muloqotni davom ettirishga intilayotganini ko‘rsatadi.