Slovakiya Bosh vaziri Robert Fitso Yevropa miqyosida harbiy mojaro yuzaga kelishi ehtimoli nuqtayi nazaridan vaziyat hech qachon bugungidek jiddiy va keskin bo‘lmaganini ta’kidlab, mamlakatining urushga tortilishini istamasligini aytdi.
Slovakiya axborot agentligi — TASR ma’lumotiga ko‘ra, Robert Fitso Presov shahrida yangi o‘quv yilining ochilish marosimida so‘zlagan nutqida Ukrainadagi urushning borishi va Yevropa xavfsizligi haqida fikr bildirdi.
Fitso: «Yevropa miqyosida harbiy mojaro yuzaga kelishi ehtimoli nuqtayi nazaridan vaziyat hech qachon hozirgidek jiddiy va keskin bo‘lmagan edi», — dedi.
NATOga a’zo bir davlatga qarshi qurolli hujum barcha a’zolarga qilingan hujum sifatida qabul qilinishini nazarda tutuvchi Shimoliy Atlantika shartnomasining beshinchi moddasiga to‘xtalgan Fitso Slovakiyaning biror urushga qo‘shilishini istamasligini bildirdi.
Robert Fitso: «Ha, biz NATO a’zosimiz, buni qadrlaymiz hamda hamkorlik qilish va majburiyatlarimizni bajarishga sodiqmiz. Ammo bosh vazir sifatida Slovakiya hech qachon qurolli mojaroga tortilmasligi uchun qo‘limdan kelgan barcha ishni qilaman», — dedi.
Mojaro yoqasida turganlikdan xavotirda ekanini bildirgan Fitso mamlakati urush oqibatidagi muammolarga duch kelsa, nimalar yuz berishini tasavvur ham qila olmasligini ta’kidladi.
«Ukrainadagi harbiy mojaro nazoratdan chiqdi»
Ukrainadagi urush nazoratdan chiqqanini ta’kidlagan Robert Fitso quyidagilarni aytdi:
«Bugun Yevropada yuz berayotgan voqealar, eshitayotgan va ko‘rayotganlarimiz Ukrainadagi harbiy mojaro nazoratdan chiqqanini ko‘rsatmoqda. Harbiy amaliyotlarni tartibga soluvchi barcha qoidalar chetga surildi va fuqarolik infratuzilmasi nishonga olinmoqda. Ukraina hududida yirik harbiy amaliyotlarga guvoh bo‘lamiz, deb o‘ylayman. Ammo meni eng ko‘p qo‘rqitayotgan narsa — Yevropada harbiy ruhdagi bayonotlarning tobora kuchayib borayotganidir».
Urushdan xavotirda ekanini bildirgan Fitso Yevropa Ittifoqining 2028–2034-yillarga mo‘ljallangan budjetini ham tanqid qilib: «Aftidan, Yevropa Ittifoqining 2028–2034-yillardagi budjetidan fuqarolar emas, qurol-yarog‘ kompaniyalari yutadi», — dedi.

























