Isroil va Marokash iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash, diplomatik vakolatxonalarni elchixona darajasiga ko‘tarish va elchilar tayinlashni o‘z ichiga olgan diplomatik aloqalarni kengaytirishga qaror qildi.
Isroil Tashqi ishlar vazirligi bayonotida Isroil tashqi ishlar vaziri Gideon Saar, Marokash tashqi ishlar vaziri Nasser Burita va AQShning Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi doimiy vakili Mayk Uolts Nyu-Yorkda uch tomonlama sammit o‘tkazgani bildirildi.
Uch tomonlama sammitda Isroil va Marokash o‘rtasidagi diplomatik aloqalarni rivojlantirish, har ikki mamlakatning diplomatik vakolatxonalarini elchixona darajasiga ko‘tarish hamda elchilar tayinlash niyati bildirildi.
Shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy va savdo aloqalarini rivojlantirish maqsadida 2026-yil oxirigacha investitsiyalarni himoya qilish va ikki tomonlama soliqqa tortishning oldini olishga doir bitimlarni imzolashga qaror qilindi.
Bayonotda ikki mamlakat o‘rtasidagi aviaqatnovlarni kengaytirish va o‘zaro yuqori darajadagi tashriflarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishilgani qayd etildi.
2020-yilda Marokash, Birlashgan Arab Amirliklari, Bahrayn va Sudan Isroil bilan munosabatlarni normallashtirishga rozi bo‘lgan, ushbu mamlakatlar mazkur jarayonni «Ibrohim kelishuvlari» nomi ostida imzolangan bitimlar orqali rasmiylashtirgan edi.
Kelishuv doirasida Isroil va Marokash diplomatik aloqalarni yo‘lga qo‘yib, Tel-Aviv va Rabotda o‘zaro vakolatxonalar ochgan edi.

























