AQSHning Bag‘dod, Bayrut, Quvayt va Manamadagi elchixonalari bayonotida Erondan ko‘mak olayotgan Yaman husiylari Saudiya Arabistonidagi fuqarolik aeroporti hamda boshqa joylarga hujumlar uyushtirgani bildirildi.
Bayonotda Saudiya Arabistoni bilan husiylar o‘rtasidagi harbiy to‘qnashuv “tez sur’atda kuchayishi mumkinligi”, Yaqin Sharqdagi xavfsizlik vaziyati murakkab ekani va “kutilmagan keskinlashuv” yuz berishi ehtimoli borligi qayd etildi.
Mintaqadagi AQSH fuqarolaridan ehtiyotkor bo‘lish, ehtimoliy parvozlarning bekor qilinishi, havo hududlarining yopilishi hamda safarlardagi uzilishlarga tayyor turish so‘raldi.
Shuningdek, Eron va u qo‘llab-quvvatlayotgan guruhlar AQSH bilan bog‘liq joylarni nishonga olishi mumkinligi ta’kidlandi. AQSHning diplomatik vakolatxonalari, jumladan, Yaqin Sharqdan tashqaridagi obyektlari ham ilgari nishonga olingani bildirildi.





















