TURKIYA
2 daqiqa o'qish
Turkiya Isroil bilan bog'liq tarmoqqa katta zarba berdi: 175 kishi hibsga olindi
Turkiya adliya vaziri Akin Gurlek Isroil bilan bog'liq xalqaro noqonuniy valyuta firibgarlik sxemasi bo'yicha tergov doirasida hibsga olish uchun order berilgan 239 gumondordan 175 nafari qo'lga olinganini ma'lum qildi.
Turkiya Isroil bilan bog'liq tarmoqqa katta zarba berdi: 175 kishi hibsga olindi
Adliya vaziri Akin Gurlek Isroil bilan aloqador shaxslarning kimligi haqida qo‘shimcha ma’lumot bermadi. (AA)

Turkiyada xalqaro firibgarlik tarmog‘iga qarshi o‘tkazilgan operatsiyada 175 nafar gumondor qo‘lga olindi

Turkiya xalqaro firibgarlik tarmog‘iga qarshi o‘tkazilgan keng ko‘lamli operatsiyada 175 nafar gumondorni qo‘lga oldi. Adliya vaziri Akin Gurlekning ma’lum qilishicha, mazkur tarmoqdagi kompaniyalar aksariyat hollarda Isroil bilan bog‘liq shaxslarga tegishli yoki ularning nazoratida bo‘lgan.

Gurlekning so‘zlariga ko‘ra, bu ma’lumotlar yil boshidan beri Istanbul Bosh prokuraturasi tomonidan boshlangan to‘rtta tergov jarayonida aniqlangan. Ushbu jinoiy guruhlar ijtimoiy tarmoqlar va onlayn reklama orqali xorij fuqarolarini foreks hamda kriptovalyuta investitsiyalaridan yuqori daromad va’da qilib jalb qiluvchi qo‘ng‘iroq markazlarini (call-center) boshqarib kelgan.

Vazir tergov bir nechta mamlakatlardagi jabrlanuvchilarga qaratilgan yirik uyushgan jinoyatni fosh etganini bildirdi.

Soxta daromadlar va pulni yechib olishdagi to‘siqlar

Gurlekning ta’kidlashicha, bir nechta tillarda xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar jabrlanuvchilarni tizimga aldab kiritib, ularni gumondorlar nazoratidagi soxta investitsiya platformalariga yo‘naltirgan.

Tergovchilarning aniqlashicha, platformalar jabrlanuvchilarni qo‘shimcha mablag‘ kiritishga undash uchun ekranda soxta daromad ko‘rsatkichlarini aks ettirib kelgan. Jabrlanuvchilar o‘z pullarini yechib olishga uringanlarida esa, ulardan hisob cheklovlari va soliqlar kabi bahonalar bilan qo‘shimcha to‘lovlar talab qilingan. Noqonuniy yo‘l bilan qo‘lga kiritilgan mablag‘lar esa chet eldagi bank hisobvaraqlari va kriptohamyonlarga o‘tkazib yuborilgan.

Mazkur tergov Istanbul Bosh prokuraturasining Terrorizm va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish bo‘limi tomonidan Turkiya Milliy razvedka tashkiloti (MIT), Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash hamda Kiberjinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmalari bilan hamkorlikda olib borildi.

Shuningdek, operatsiyada Turkiya Jinoyat daromadlarini legallashtirishga qarshi kurash kengashi (MASAK) tahlillari, tezkor-qidiruv xulosalari hamda Interpol liniyasi orqali kelib tushgan yuzlab jabrlanuvchilarning shikoyatlari asos qilib olindi.

286 manzilga bir vaqtda reyd uyushtirildi

Huquq-tartibot idoralari juma kuni soat 05:00 da Istanbul va Mug‘la viloyatlarida 28 ta kompaniya, 42 ta qo‘ng‘iroq markazi hamda 286 ta manzilga qaratilgan amaliyotni boshladi. Jami 239 nafar gumondorni qo‘lga olish rejalashtirilgan edi.

Soat 10:00 holatiga ko‘ra, politsiya xodimlari qo‘ng‘iroq markazlariga reydlar uyushtirib, 175 nafar gumondorni qo‘lga oldi. Hozirda qolgan gumondorlarni ushlash bo‘yicha tezkor tadbirlar davom etmoqda.

Adliya vaziri Gurlek Isroil bilan bog‘liq shaxslarning shaxsi yoki ular qo‘lga olinganlar orasida bor-yo‘qligi haqida hozircha qo‘shimcha ma’lumot berishdan bosh tortdi.