Turkiy xalqlari davlatlarining bastakorlari, musiqashunoslari va yirik musiqa tashkilotlari vakillarini birlashtirishni maqsad qilgan Turk dunyosi bastakorlari uyushmasini tashkil etishga bag‘ishlangan yig‘ilish Turk Madaniyati va merosi jamg‘armasida o‘tkazildi.
Turk Madaniyati va merosi jamg‘armasi raisi Akto‘ti Raimqulovaning mezbonligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, O‘zbekiston, Vengriya va Turkmaniston musiqa jamoatchiligi vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda Turk dunyosi bastakorlari uyushmasini tashkil etish va 2027 - yilgacha uyushmaga Ozarbayjon Bastakorlar uyushmasi raisi Firangiz Alizodaning rahbarlik qilishi to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Raimqulova Turk dunyosi bastakorlari uyushmasini tashkil etish orqali turkiy xalqlarning boy merosini yangi asarlar, professional hamkorlik va xalqaro madaniy muloqot uchun manbaga aylantiradigan jonli musiqa makonini yaratishni maqsad qilganliklarini bildirdi.
«Turk dunyosi musiqasini xalqaro maydonda targ‘ib qilish maqsad qilinmoqda».
Uyushmaning tashkil etilishi Turk dunyosining musiqa diplomatiyasi tarixida yangi sahifa ochganini ta’kidlagan Raimqulova: «Oldimizda muhim vazifalar turibdi. Ulardan birinchisi Turk dunyosining umumiy professional musiqa makonini yaratishdir» - dedi.
Raimqulova Turk dunyosi mamlakatlarida kuchli milliy bastakorlik va ijrochilik maktablari mavjudligini qayd etib, Turk dunyosi bastakorlari uyushmasini ushbu ijodiy salohiyatni birlashtirishi va doimiy professional hamkorlik uchun barqaror mexanizm yaratishi kerakligini aytdi.
Raimqulova Turk dunyosi musiqasini xalqaro maydonda targ‘ib qilish ham maqsad qilinganini bildirib, mumtoz va zamonaviy bastakorlarning asarlari dunyoning yetakchi sahnalarida ijro etilishi hamda musiqa mamlakatlarning madaniy diplomatiyasining muhim vositalaridan biriga aylanishi kerakligini ta’kidladi.
Musiqiy merosni asrash va raqamlashtirish ham uyushmaning vazifalaridan biri bo‘lishini bildirgan Raimqulova, partituralar, qo‘lyozmalar, arxiv materiallari, audio va videoyozuvlar saqlanishini, yangi avlod musiqachilari va tadqiqotchilarining ushbu merosdan foydalanish imkoniyati ta’minlanishini ma’lum qildi.























