TURK DUNYOSI
2 daqiqa o'qish
Qozog‘iston va Germaniya 2 milliard dollarga yaqin kelishuvlar imzoladi
Tomonlar xalqaro tashkilotlar doirasida, avvalo, “Markaziy Osiyo–Germaniya” formatidagi hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi.
Qozog‘iston va Germaniya 2 milliard dollarga yaqin kelishuvlar imzoladi
Qozogʻiston Prezidenti Toqayev Germaniya kansleri Merz bilan poytaxt Berlinda uchrashdi.

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev Germaniya bilan umumiy qiymati 2 milliard dollarga yaqin savdo kelishuvlari imzolanganini ma’lum qildi.

Qozog‘iston Prezidenti ma’muriyatining bayonotiga ko‘ra, Germaniyaga rasmiy tashrif bilan borgan Toqayev poytaxt Berlinda Germaniya Kansleri Fridrix Mers bilan uchrashdi.

Uchrashuvda tomonlar Qozog‘iston va Germaniya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlashga qat’iy intilishlarini bildirdi.

Tomonlar sanoat, muhim ahamiyatga ega minerallar, transport va logistika, raqamli texnologiyalar hamda mashinasozlik va kimyo sanoatini o‘z ichiga olgan yuqori qo‘shilgan qiymatli ishlab chiqarish sohalarida ikki mamlakat hamkorligini rivojlantirish uchun katta salohiyat mavjudligini qayd etdi.

Shuningdek, tomonlar xalqaro tashkilotlar doirasida, avvalo, “Markaziy Osiyo–Germaniya” formatidagi hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi.

30 dan ortiq savdo kelishuvi imzolandi

Toqayev va Mers muzokaralardan so‘ng qo‘shma matbuot anjumani o‘tkazdi.

Qozog‘iston Prezidenti Toqayev undagi nutqida umumiy qiymati qariyb 2 milliard dollar bo‘lgan 30 dan ortiq savdo hujjati imzolanganini ma’lum qildi.

Kelishuvlarning samarali amalga oshirilishi ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashini ta’kidlagan Toqayev Germaniyaga tashrifining keyingi bosqichida Bavariyaga borishini va yuqori martabali rasmiylar bilan uchrashishini bildirdi.

Toqayev, shuningdek, tashrifi doirasida o‘tkaziladigan Qozog‘iston–Bavariya texnologiya forumida ishtirok etishini ma’lum qildi.

Mersni Qozog‘istonga taklif qildi

Muzokaralarda mintaqaviy va global kun tartibidagi voqealar ham muhokama qilinganini bildirgan Toqayev har bir mojaro tinch va diplomatik yo‘llar bilan hal etilishi kerakligini, bu ikki mamlakatning umumiy pozitsiyasi ekanini aytdi.

Tomonlar “Markaziy Osiyo–Germaniya” formatidagi muloqotni rivojlantirishga ham kelishib olganini qayd etgan Toqayev Qozog‘iston Germaniya bilan uzoq muddatli, o‘zaro manfaatli va aniq natijalarga yo‘naltirilgan strategik sheriklikni mustahkamlashni maqsad qilganini ta’kidladi.

Muzokaralar yakunida Toqayev Germaniya Kansleri Mersni Qozog‘istonga taklif qildi.

Toqayev, shuningdek, Germaniya Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer bilan ham uchrashdi.