TURK DUNYOSI
2 daqiqa o'qish
Aytmatov qishlog‘ida «Aytmatov olamı» majmuasi ochildi
Aytmatov tug‘ilib o‘sgan qishlog‘ida «Aytmatov olamı» madaniy va yodgorlik majmuasi tantanali ravishda ziyoratga ochildi.
Aytmatov qishlog‘ida «Aytmatov olamı» majmuasi ochildi
_

Dunyoga mashhur qirg‘iz yozuvchisi Chingiz Aytmatov tug‘ilgan Sheker qishlog‘ida buyuk adib xotirasini abadiylashtiruvchi «Aytmatov olamı» (Aytmatov aalami) deb nomlangan madaniy va yodgorlik majmuasi tantanali ravishda tashrif buyuruvchilar uchun ochildi.

Talas viloyatining Aytmatov tumaniga qarashli Sheker qishlog‘ida o‘tkazilgan marosimda Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov ishtirok etdi. U oila rishtalarining qadri, nikohdagi mas’uliyat va kech anglangan chin muhabbat haqida hikoya qiluvchi Chingiz Aytmatovning «Qizil olma» asarini ramziy ifodalovchi sun’iy olma daraxti oldida nutq so‘zladi.

Japarovning ta’kidlashicha, dunyoning yetakchi davlatlari texnologik taraqqiyot bilan bir qatorda o‘zlarining qadimiy tarixi va milliy qadriyatlarini asrab - avaylab, rivojlantirib bormoqda. U «Yangi Qirg‘iziston»ni barpo etish jarayonida Chingiz Aytmatovning hayoti va ijodi ularga yo‘l ko‘rsatishini bildirdi.

Aytmatov merosini faqat ushbu majmua devorlari ichida saqlab qolish bilan cheklanmay, uni kelajak avlodlarga chuqur yetkazishni maqsad qilganliklarini ifoda etgan Japarov, qirg‘iz xalqining ma’naviy hayotida alohida o‘rin tutadigan ushbu loyiha nafaqat Aytmatov tug‘ilgan hududni, balki butun Qirg‘izistonni dunyoga tanitish yo‘lidagi muhim qadam ekanini ta’kidladi.

Qurilishi boshlanganidan so‘ng ko‘p yillar davomida to‘xtab qolgan «Aytmatov aalami» loyihasini nihoyat yakunlashdan faxrlanganini bildirgan Japarov, majmuaning bunyod etilishiga hissa qo‘shgan barcha insonlarga minnatdorchilik bildirdi.

Davlat arbobi To‘requl Aytmatov va tatar millatiga mansub teatr san’atkori Nagima Aytmatovaning farzandi sifatida 1928 - yilning 12 - dekabrida Talas viloyatining Sheker qishlog‘ida dunyoga kelgan yozuvchi 2008 - yili Rossiya telekanalining hujjatli filmi suratga olish ishlari uchun borgan Tatariston poytaxti Qozon shahrida betob bo‘lib qoldi.

Davolanish uchun Germaniyaga olib ketilgan Aytmatov, 2008 - yilning 10 - iyunida, 79 yoshida vafot etdi. Adibning jasadi poytaxt Bishkek yaqinidagi «Ata - Beyit» nomidagi Milliy tarix va xotira majmuasida, otasining qabri yoniga dafn qilindi.