Ukraina Prezidenti Vladmir Zelenskiy rasmiy tashrif bilan Turkiyaga keldi va Istanbulda Milliy Mudofaa vaziri Yashar Guler tomonidan kutib olindi.
Zelenskiy AQShning X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida: “Jamoamiz bilan Istanbulga yetib keldik. Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘an bilan muhim muzokaralarimiz bo‘lib o‘tadi”, - deb yozib qoldirdi.
Ukraina xavfsizligini mustahkamlash, Turkiya bilan ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish hamda aniq diplomatik imkoniyatlar ustida ish olib borayotganliklarini qayd etgan Zelenskiy, Qora dengizdagi dengiz transporti bilan bog‘liq muhim masalalar borligini ta’kidladi.
Shuningdek, Zelenskiy Istanbulda Fener Rum Patriarxi Bartholomeos bilan ham uchrashuv rejalashtirilganini bildirib, Ukrainani qo‘llab - quvvatlayotgan barchaga minnatdorlik bildirdi.
Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va kommunikatsiyalar boshqarmasi rahbari Burxanettin Duran avvalroq Prezident Erdo‘g‘an bilan Zelenskiy o‘rtasidagi uchrashuvlarda Turkiya - Ukraina o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan qadamlar, shuningdek, Rossiya - Ukraina urushi va Qora dengizdagi xavfsizlik vaziyati, eng avvalo, mintaqaviy hamda xalqaro jarayonlar muhokama qilinishini ma’lum qilgan edi.






















