Isroil armiyasi bosib olingan G‘arbiy Sohilning al - Xalil shahrida joriy etgan qamalni besh kundan beri davom ettirar ekan, 4 ming 969 nafar falastinlikni majburan o‘z uy - joylaridan ko‘chirdi.
Al - Xalil munitsipaliteti shahardagi Ayn Dayr Baha va Jalda hududlarida joriy etilgan qamal sababli uylarini tark etishga majbur bo‘lgan va ular soni kundan kunga ortib borayotgan falastinliklarning ahvoli haqida ma’lumot berdi.
Bayonotga ko‘ra Isroil armiyasi besh kundan beri davom ettirayotgan qamal doirasida shaharda uylaridan majburan chiqarilgan oilalar soni 780 taga, ko‘chirilgan falastinliklar soni esa 4 ming 969 nafarga yetdi.
Majburan ko‘chirilganlar orasida 336 nafar chaqaloq, 441 nafar keksa, homilador yoki emizikli 216 nafar ayol, 44 nafar nogironligi bo‘lgan kishi hamda surunkali kasallikka chalingan 312 nafar inson bor.
Bosqinlar va tintuvlar davom etmoqda
Mahalliy manbalar va guvohlarning ma’lumotlariga ko‘ra Isroil armiyasining qo‘shimcha kuchlari harbiy texnikalar hamrohligida yarim tunda al - Xalil shahrining ayrim mahallalariga bostirib kirib, falastinliklarning uylarida tintuv o‘tkazdi.
Bundan tashqari, shahar kirishlari bilan bir qatorda, shaharcha va qochqinlar lagerlariga kirish yo‘llari ham Isroil askarlari tomonidan yopilmoqda, falastinliklarning harakatlanishiga ruxsat berilmayapti.
Jalda chorrahasi yaqinida tashkil etilgan harbiy nazorat punktlarida falastinliklar to‘xtatilib, tintuvdan o‘tkazilmoqda. Tekshiruvlar vaqtida ularga nisbatan qo‘pol muomala qilinmoqda.
Shuningdek, qamal ostidagi Ayn Dayr Baha hududiga Isroil armiyasining qo‘shimcha kuchlari joylashtirildi. Isroil askarlari falastinliklarga tegishli ayrim binolarga joylashib, ularni harbiy shtabga aylantirdi.
Falastin Mahbuslar jamiyati kecha bergan bayonotida qamal doirasida amalga oshirilgan bosqinlar chog‘ida falastinlik 85 kishi hibsga olinganini ma’lum qilgan edi.
Al - Xalilda hujum va qamalga olib kelgan voqealar
Al - Xalildagi harbiy hujum va qamal shaharning shimoli - g‘arbiy kirish qismidagi Farsh al - Hava hududida 23 - oktabr kuni Isroil nazorat punktida yuz bergan qurolli hujumdan keyin boshlandi.
Hujum oqibatida Isroilning ikki askari halok bo‘ldi, uch nafari yaralandi. Hujumni amalga oshirgan ikki nafar falastinlik ham Isroil armiyasi tomonidan o‘ldirildi.
Isroil armiyasi al - Xalilga qarshi hujum va qamal bir necha kun davom etishi mumkinligini bildirdi.
Isroil Mudofaa vaziri Yisrael Kats qamal boshlanganidan ikki kun o‘tib bergan bayonotida; al - Xalilda uylaridan chiqarilgan qariyb 2 ming nafar falastinlik, Isroil, shaharda Xamasning “infratuzilmasi” deb atayotgan obyektlarni yo‘q qilmaguncha uylariga qayta olmasligini ta’kidladi.
Bosh vazir Binyamin Netanyaxu ham hujumdan so‘ng bosib olingan G‘arbiy Sohilda 1967 - yilgi urushdan beri kuzatilmagan miqyosda harbiy hujum uyushtirish bilan tahdid qildi.
Al - Xalildagi voqealar 2023 - yilning oktabr oyida G‘azo sektoriga qarshi hujumlar boshlanganidan beri bosib olingan G‘arbiy Sohilda kuchayib borayotgan harbiy bosqinlar, falastinliklarning o‘ldirilishi va hibsga olinishi, turar joylar va ish joylarining buzilishi, qishloq xo‘jaligi yerlarining vayron qilinishi hamda aholini majburan ko‘chirish holatlari bilan birga yuz bermoqda.

























