G'AZODA URUSH
2 daqiqa o'qish
Falastin xalqini majburan ko‘chirish haqidagi bayonotlar keskin qoralandi
Turkiyadan tashqari dunyoning yana yetti davlati, Ben - Gvir bilan Katsning Falastin xalqini majburan ko‘chirish haqidagi bayonotlarini keskin qoraladi.
Falastin xalqini majburan ko‘chirish haqidagi bayonotlar keskin qoralandi
_

Turkiya, Misr, Indoneziya, Iordaniya, Pokiston, Qatar, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) Tashqi Ishlar vazirlari Ben - Gvir va Katsning falastinliklarni majburan ko‘chirishga qaratilgan bayonotlari yuzasidan qo‘shma bayonot berdi.

Bayonotga ko‘ra nomi tilga olingan davlatlarning vazirlari G‘azo sektoridagi falastinliklarni majburan ko‘chirishga qaratilgan, jumladan, falastinliklarni o‘z hududlaridan majburan chiqarib yuborishni ko‘zlagan rejalar va mexanizmlarga oid takliflarni o‘z ichiga olgan ikki nafar isroillik mansabdorning bayonotlarini keskin qoraladi.

Vazirlar bunday provokatsion tusdagi bayonotlar va takliflar xalqaro gumanitar huquqni ham o‘z ichiga olgan xalqaro huquq tamoyillarini ochiqdan - ochiq buzishi hamda Falastin xalqining qonuniy va ajralmas huquqlariga bevosita tahdid solishini ta’kidladi. Vazirlar har qanday bahona yoki sabab bilan bosib olingan Falastin hududlari ichida yoki tashqarisida Falastin xalqini ko‘chirishni qaratilgan har qanday tashabbus yoki rejani qat’iyan rad etishlari va qoralashlarini tasdiqladi.

Falastinliklarni o‘z yerlaridan “butunlay chiqarishni ko‘zlagan” rasmiy siyosat yoki aniq choralarga aylantirilishi mumkin bo‘lgan majburan ko‘chirish chaqiriqlari jiddiy oqibatlarga olib kelishidan ogohlantirgan vazirlar, bunday harakatlar majburiy ko‘chirishni qat’iyan rad etgan AQSh Prezidenti Donald Trampning G‘azo rejasi, shuningdek, tinchlikka erishishga qaratilgan xalqaro sa’y - harakatlarga bevosita to‘sqinlik qilishi va mintaqadagi barqarorlik umidlarini jiddiy xavf ostiga qo‘yishini bildirdi.

Falastin xalqining qonuniy huquqlariga putur yetkazishga qaratilgan barcha tashabbuslarni rad etamiz

Vazirlar G‘azo sektori bosib olingan Falastin hududlarining ajralmas bir qismi ekanini ta’kidlab, Sharqiy Quddusni ham o‘z ichiga olgan G‘azo sektori va G‘arbiy Sohildagi Falastin hududlarining yaxlitligini saqlash zarurligini qayd etdi.

Vazirlar adolatli va barqaror tinchlikka erishishning yagona yo‘li ikki davlat asosidagi yechimini amalga oshirish ekanini ta’kidlab, xalqaro qonuniylikning tegishli rezolyutsiyalariga muvofiq, 1967 - yilning 4 - iyun kungi chegaralari doirasida, poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil Falastin davlatini barpo etishni qo‘llab - quvvatlashlarini tasdiqladi.

Vazirlar xalqaro hamjamiyatni, xususan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik kengashini o‘z mas’uliyatini zimmasiga olishga, bosib olingan Falastin hududlarida “yangi demografik yoki geografik voqelikni majburan joriy etishga qaratilgan har qanday urinishga qat’iy qarshi turishga va xalqaro huquq normalariga rioya etilishini ta’minlashga” chaqirdi.

Shuningdek, vazirlar Falastin xalqining o‘z yerlarida ko‘rsatayotgan matonatini to‘liq qo‘llab - quvvatlashlari hamda Falastin masalasini yo‘qqa chiqarish yoki Falastin xalqining qonuniy huquqlariga putur yetkazishga qaratilgan barcha tashabbuslarni rad etishlarini yana bir bor tasdiqladi.