Qozog‘iston Prezidenti Kasim - Jo‘mart To‘qayev ishtirokida Prezident saroyi Oqo‘rda oldidagi maydonda davlat bayrog‘ini ko‘tarish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Prezident To‘qayev Respublika kuni munosabati bilan e’lon qilgan murojaatida ushbu bayram qozoq davlatchilik an’analarining qayta tiklanishi degan ma’noni anglatishini ta’kidladi.
Qozog‘iston, suverenitet sari yo‘lda muhim yutuqlarga erishganini qayd etgan To‘qayev mamlakat kuchli iqtisodiyoti va ilg‘or jamiyati bilan yetuk davlatga aylangani, xalqaro maydonda esa nufuzli va ta’sirchan o‘rta kuch sifatida o‘z o‘rnini egallaganini bildirdi.
To‘qayev joriy yil mamlakat tarixida yangi davr boshlanishini anglatishini ta’kidlab, institutsional barqarorlik va inson kapitali sifatining global raqobatbardoshlikning asosiy omillari ekanini qayd etdi.
Konstitutsiyaning kuchga kirishi tarixiy jihatdan muhim voqea ekanini bildirgan To‘qayev, bu davlat boshqaruvining yangilanishiga, siyosat, iqtisodiyot, madaniyat va ijtimoiy sohalarda tub o‘zgarishlarga turtki berganini ma’lum qildi.
To‘qayev xalq farovonligini oshirishga qaratilgan ko‘plab loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilganini ifoda etib, Qozog‘iston suverenitetini yanada mustahkamlash hamda adolatli, xavfsiz, ilg‘or va toza mamlakat barpo etish maqsadini ta’kidladi.
Murojaati yakunida mamlakatdagi birlik va hamjihatlikka e’tibor qaratgan To‘qayev Qozog‘istonning moviy bayrog‘i g‘urur bilan hilpirab turishini tiladi.
Qozog‘istonning Prezidentlik apparati Matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra ko‘plab mamlakatlar rahbarlari milliy bayram munosabati bilan To‘qayevga tabrik yo‘llagan.
Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘an Qozog‘istonning 25 - oktabr Respublika kuni munosabati bilan yuborgan tabrik xatida, Turkiya va Qozog‘iston o‘rtasidagi chuqur tarixiy va madaniy aloqalarga asoslangan alohida munosabatlar ikki xalq manfaatlari yo‘lida kengaytirilgan strategik sheriklik asosida rivojlanishda davom etishiga ishonchi komil ekanini bildirdi.






















