Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘anning rafiqasi Emine Erdo‘g‘an O‘zbekistonning Samarqand shahridagi Imom al - Buxoriy maqbarasini ziyorat qildi.
«Bolalar farovonligiga investitsiya: kelajak avlodlarning barqaror va adolatli taraqqiyoti sari yo‘l» butunjahon sammitida ishtirok etish uchun hozirda O‘zbekistonning Samarqand shahrida bo‘lgan Emine Erdo‘g‘an, u yerdagi Imom al - Buxoriy maqbarasini ziyorat qildi.
Imom al - Buxoriy yodgorlik majmuasidagi maqbarani tomosha qilgan Emine Erdo‘g‘an u yerda duolar ham qildi.
Majmua hududidagi muzeyga ham tashrif buyurib, eksponatlarni ko‘zdan kechirgan Emine Erdo‘g‘anga Imom al - Buxoriyning hayoti haqida ma’lumot berildi.
Ziyoratda NUN Ta’lim va madaniyat jamg‘armasi boshqaruvi raisi doktor Esra Albayrak, O‘zbekiston Prezidenti rafiqasi Ziroat Mirziyoyeva, Livan Prezidenti rafiqasi Nimet Avn, Qirg‘iziston Prezidenti rafiqasi Aygul Japarova hamda Pokiston Bosh vazirining qizi Ayesha Harun ham ishtirok etdi.
Emine Erdo‘g‘an ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida mazkur ziyorat haqida quyidagi fikrlarni bildirdi: «Samarqanddagi Imom Buxoriy yodgorlik majmuasida ma’naviy sayohatga chiqdik. Umrini hadis ilmiga bag‘ishlagan buyuk allomaning xotirasini abadiylashtiruvchi ushbu maskanning tarixiy va madaniy qadriyatlariga yaqindan guvoh bo‘ldik. Islom sivilizatsiyasiga bebaho asarlar qo‘shgan, asrlar davomida insoniyatga yo‘l ko‘rsatib kelayotgan Imom Buxoriyni rahmat va ehtirom bilan yod etaman».























