Turkiya Milliy ta’lim vazirligi (MTV) tomonidan xorijda yashovchi turk bolalarining ona tili bilan aloqalarini mustahkamlash maqsadida tayyorlangan yangilangan «Turk tili va turk madaniyati» darsliklari foydalanish uchun taqdim etildi.
Vazirlik tomonidan berilgan bayonotga ko‘ra 2026 - yilgi «Turk tili va turk madaniyati” fanini o‘qitish dasturi asosida Oliy ta’lim va xorijda ta’lim bosh boshqarmasi tomonidan tayyorlangan yetti darajali darsliklar to‘plami «Ülkem Yanımda» platformasida e’lon qilindi.
Til insonlarni bir - biriga bog‘laydigan, tarix, madaniyat va qadriyatlarni kelajakka yetkazadigan eng mustahkam ko‘priklardan biri ekanligi tamoyili asosida tayyorlangan darsliklar xorijda yashovchi turk o‘quvchilarining turk tilidagi ko‘nikmalarini rivojlantirish va madaniy meros bilan yaqindan tanishish imkonini beradi.
Dunyoning 8 mamlakatida 50 ming nafar bolaga yuzma - yuz ta’lim beriladi
Germaniya, Fransiya, Belgiya, Angliya, Shveysariya, Italiya va Chernogoriyani oʻz ichiga olgan keng hududda olib borilayotgan ishlar joriy yilda amalga oshirilgan yangi qadam bilan yanada kengaydi.
Yaponiyada ham yuzma - yuz turk tili darslari yo‘lga qo‘yilishi natijasida 8 mamlakatda qariyb 800 nafar o‘qituvchi yordamida 50 mingga yaqin o‘quvchiga ona tili ta’limi berilmoqda.
Shu doirada o‘quvchilar qo‘lidan tushirmay foydalanadigan darajada puxta tayyorlangan darsliklar ta’lim sohasidagi koʻz qarashlarning yo‘lko‘rsatuvchisi bo‘lgan «Türkiye Yüzyılı Maarif Modeli» asosida yangilandi.
O‘quvchilarning yoshi va bilim darajasi hisobga olingan holda tuzilgan bosqichma - bosqich mazmunlar tinglash, gapirish, o‘qish va yozish ko‘nikmalarini har tomonlama rivojlantirishga xizmat qiladi.
Darsliklarda milliy va diniy bayramlardan tortib urf - odat va an’analargacha, tarixiy shaxslardan sport va san’at olamigacha, an’anaviy o‘yinlardan fan va texnologiyalargacha bo‘lgan keng mavzularga oʻrin berilgan.
Mavzularning xilma - xilligi orqali o‘quvchilarning ham Turkiyaning madaniy merosi bilan tanishishi, ham o‘rgangan bilimlari bilan kundalik hayoti o‘rtasida mustahkam bog‘liqlik o‘rnatishi maqsad qilingan.
O‘quvchilarning madaniy o‘zligini anglashlari qo‘llab - quvvatlanmoqda
Matnlar, rasmlar va mashg‘ulotlar bilan boyitilgan ta’lim jarayoni o‘quvchilarni qiziquvchan bo‘lishga, izlanishga, o‘z fikrlarini ifoda etib, boshqalar bilan bo‘lishishga hamda o‘rgangan bilimlarini kundalik hayotda faol qo‘llashga undaydi.
«Turk tili va turk madaniyati» darsliklari o‘quvchilarning til orqali fikrlashi, savol berib, tahlil qilishi va o‘z madaniy o‘zligini mustahkam asosda anglashi uchun yordam beradi.
Darsliklarda turk tili faqat maktabda o‘rganiladigan fan tili sifatida emas, balki oila, tarixiy meros va madaniy ildizlar bilan muloqot qilish imkonini beruvchi jonli qadriyat sifatida talqin etiladi.
Xorijdagi o‘quvchilarning o‘zlari yashayotgan jamiyatning madaniy xilma - xilligi sharoitida o‘z tili va madaniyatini asrab - avaylashini maqsad qilgan ushbu tashabbus bolalarning boshqalarning farqlariga hurmat bilan qaraydigan, o‘z fikrini to‘g‘ri va samarali ifoda eta oladigan shaxslar bo‘lib voyaga yetishiga ham hissa qo‘shadi.
Yangilangan darsliklar har bir o‘quvchining turk tili bilan aloqasini yanada mustahkamlashi ko‘zda tutilgan.



























