Arxeologlar Turkiyaning shimoli-g‘arbidagi qazilma ishlarida tarixi 16 yarim ming yilga borib taqaladigan 25 ta toshbaqa haykalini topdilar.
Buyumlar Bilejik viloyatining Inhisar tumanidagi Gedikkaya tepaligi va In g‘ori arxeologik qazishma maydonida aniqlangan. Tadqiqotchilar qadimgi jamoalar g‘orni ritual maqsadlarda ishlatgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
Ohaktoshdan yasalgan va ba’zilari loy bilan qoplangan figurinlarning eng kattasi taxminan 30 santimetr uzunlik va 20 santimetr kenglikka ega. Radiokarbon tahlili bu topilmalar miloddan avvalgi 14 ming 500 yildan 11 ming 200 yilgacha bo‘lgan Epipaleolit davriga to‘g‘ri kelishini ko‘rsatdi.
Qazishmalar Madaniyat va turizm vazirligi topshirig‘iga binoan Bilecik Sheyh Edebali universiteti arxeologiya kafedrasi professori Deniz Sari boshchiligidagi guruh tomonidan olib borildi.
Professor Sarining ta’kidlashicha, ushbu topilmalar mazkur hudud muhim kult va ritual maydoni bo‘lganini tasdiqlaydi. Ko‘pchilik figurinlar silliq bo‘lmagan shaklda bo‘lib, tuproqqa tik holda joylashtirilgan. Bu esa ular nafis bezak emas, balki aynan ritual maqsadlar uchun yaratilganini ko‘rsatadi.
Mutaxassislar qadimgi jamoalar Gedikkaya tepasini toshbaqaga o‘xshatgani va bu tog‘ga sig‘inish shakllarini keltirib chiqargani ehtimolini ham tekshirmoqda. Toshbaqa ramzi qadimgi madaniyatlarda uzoq umr va chidamlilik timsoli bo‘lgan.
Barcha figurinlar batafsil tekshiruv va restavratsiya uchun Bilecik muzeyi hamda Bilecik Sheyh Edebali universitetiga topshirildi.






















