2018-yildan buyon Turkiyaning Sulaymon Demirel universiteti va Isparta shahri hokimiyati hamkorligida tashkil etib kelinayotgan Xalqaro Shekspir festivali Amerika Shekspir assotsiatsiyasining nufuzli mukofotiga sazovor bo‘ldi.
Mazkur loyiha assotsiatsiyaning 54 yillik tarixida AQShdan tashqaridagi davlatga berilgan ilk mukofot bo‘lib, u "Jamoat hissasi" (Public Contribution) toifasida g‘olib deb topildi. Isparta viloyati madaniyat va turizm boshqarmasi ko‘magida o‘tkaziladigan ushbu festival o‘zining ijtimoiy-madaniy ta’siri hamda xalqaro miqyosdagi qamrovi uchun yuksak e’tirof etildi.
Joriy yilning 4–18-may kunlari Turkiyaning janubi-g‘arbidagi Isparta va Antaliya shaharlarida oltinchi bor o‘tkazilayotgan festival dasturidan spektakllar, ilmiy konferensiyalar, radioefirlar hamda turli tarmoqlararo loyihalar o‘rin olgan.
Dunyoning eng yosh Shekspir festivallaridan biri bo‘lishiga qaramay, u Polshada joylashgan Yevropa Shekspir festivallari tarmog‘iga (ESFN) a’zo bo‘lishga ulgurdi va 2022-yilda Yevropa Shekspir festivallari assotsiatsiyasi tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkazildi.
Denverdagi taqdirlash marosimida festival tashkiliy qo‘mitasi a’zosi Ilker O’zchelik so‘zga chiqib, ushbu mukofot san’at va adabiyotning birlashtiruvchi hamda shifo beruvchi kuchining yorqin in’ikosi ekanini ta’kidladi. Amerika Shekspir assotsiatsiyasi prezidenti Ruben Espinosa esa festivalni "jahon miqyosida tan olinishga loyiq namuna" deb atab, uning xalqaro tuzilmasi va keng ijtimoiy ahamiyatini yuqori baholadi.










