TURKIYA
2 daqiqa o'qish
Turkiyada muzeylar soni 2025-yilda 4,4 foizga oshib, 664 taga yetdi
Bu davrda muzeylar va tarixiy obidalarni ziyorat qilganlar soni 6,8 foizga oshib, 65 million 862 ming 639 kishini tashkil etdi
Turkiyada muzeylar soni 2025-yilda 4,4 foizga oshib, 664 taga yetdi
Anadolu sivilizatsiyalari muzeyi

Turkiya bo‘ylab muzeylar soni 2025-yilda avvalgi yilga nisbatan 4,4 foizga oshib, 664 taga yetdi. Muzeylar va tarixiy obidalarni ziyorat qilganlar soni esa 6,8 foizga ko‘payib, 65 million 862 ming 639 kishini tashkil etdi.

Turkiya statistika instituti (TUİK) 2025-yilga oid “Madaniy meros statistikasi”ni e’lon qildi.

Unga ko‘ra, Turkiya bo‘ylab muzeylar soni o‘tgan yili 2024-yilga nisbatan 4,4 foizga oshib, 664 taga yetdi. Ushbu muzeylarning 220 tasi Madaniyat va turizm vazirligi tasarrufida, 426 tasi xususiy muzeylar toifasida faoliyat yuritdi. Milliy saroylar boshqarmasiga qarashli muzeylar soni esa 18 tani tashkil etdi. Tarixiy obidalar hududlari soni 148 ta bo‘ldi.

Muzeylarda saqlanayotgan ashyolar soni o‘tgan yili avvalgi yilga nisbatan 0,4 foizga oshib, 4 million 12 ming 294 tani tashkil etdi.

Muzeylar va tarixiy obidalarni ziyorat qilganlar soni o‘tgan yili avvalgi yilga nisbatan 6,8 foizga ko‘payib, 65 million 862 ming 639 kishiga yetdi. Ziyoratchilarning 52,9 foizi vazirlik tasarrufidagi muzeylar va tarixiy obidalarga tashrif buyurdi.

Muhofaza qilinadigan hududlarning umumiy soni 2025-yilda avvalgi yilga nisbatan 6 foizga oshib, 27 ming 703 taga yetdi. Ushbu hududlarning 97,1 foizini arxeologik hududlar tashkil etdi.

Milliy bog‘lar soni 2025-yilda avvalgi yilga nisbatan 2 foizga oshib, 50 taga yetdi. Milliy bog‘larning umumiy maydoni 3,2 foizga kengayib, 942 ming 286 gektarni tashkil etdi. Tabiat bog‘lari soni 2,2 foizga oshib, 274 taga, ularning umumiy maydoni esa 0,2 foizga ko‘payib, 94 ming 294 gektarga yetdi.