TURKIYA
1 daqiqa o'qish
Prezident Erdo‘g‘an: “Adolatli yechimlar uchun vositachilik qilishda davom etamiz”
Erdo‘g‘an: “Tinchlikka yo‘l ochishga intilmoqdamiz”.
Prezident Erdo‘g‘an: “Adolatli yechimlar uchun vositachilik qilishda davom etamiz”
(ARXIV) Prezident Erdo‘g‘an: "Adolatli yechimlar uchun vositachilik qilishda davom etamiz"

Prezident Rejep Tayyip Erdo‘g‘an: “Turkiya sifatida ishonchsizlik ustiga qurilgan xalqaro siyosat tushunchasini qabul qilmaymiz”, dedi.

Prezident Erdo‘g‘an 9-Istanbul vositachilik konferensiyasiga videomurojaat yo‘lladi.

Erdo‘g‘an murojaatida diplomatiyadan voz kechmaslikning ahamiyatini ta’kidlab, shunday dedi:

“Dunyo miqyosida mojarolar ko‘payib, keskinlik kuchayib, xalqaro huquq va tashkilotlarga bo‘lgan ishonch susayayotgan bir davrni boshdan kechirmoqdamiz. Turkiya sifatida bunday davrda, hatto tomonlar bir-biri bilan gaplashmayotgan, umidlar kamaygan paytlarda ham diplomatiyadan aslo voz kechmaslikni o‘zimizga tamoyil qilib olganmiz”.

“Rossiya bilan Ukraina o‘rtasidagi asirlar almashinuvidan tortib, Afrika qit’asidagi vositachilik sa’y-harakatlarimizgacha bo‘lgan keng hududda erishgan natijalarimizga tayanib, bugun ham tinchlikka yo‘l ochishga intilmoqdamiz”, degan Erdo‘g‘an “Dunyo beshdan katta” degan da’vatini takrorladi:

“Bugun Falastin, Livan, Sudan va boshqa inqiroz hududlarida Birlashgan Millatlar Tashkilotiga umid bog‘lagan millionlab insonlar chuqur hafsalasizlikni boshdan kechirmoqda. Shunisi haqiqatki, BMTda 190 dan ortiq mamlakatning irodasi beshta mamlakatning xohish-irodasiga bog‘liq bo‘lgan tuzilma na adolatlidir, na ishonchni to‘la ma’noda ta’minlay oladi”.

“Turkiya sifatida ishonchsizlik ustiga qurilgan xalqaro siyosat tushunchasini qabul qilmaymiz”, degan Prezident Erdo‘g‘an quyidagilarni bildirdi:

“Eng murakkab nizolarda ham diplomatiya uchun albatta bir eshik borligiga ishonamiz. Muhimi, o‘sha eshikni ochiq tutadigan iroda, jasorat va samimiyatni namoyon eta olishdir. Shu yo‘lda tinchlik uchun tomonlarni bir joyga to‘plashga, adolatli yechimlar uchun vositachilik qilishga va mas’uliyatni o‘z zimmamizga olishga davom etamiz”.