MADANIYAT
2 daqiqa o'qish
«Beshtepe xalq bog‘i»da O‘rxun bitiklarining nusxasi o‘rnatildi
Poytaxt Anqarada yangi ochilgan «Beshtepe xalq bog‘i»da O‘rxun bitiklarining nusxasi o‘rnatildi.
«Beshtepe xalq bog‘i»da O‘rxun bitiklarining nusxasi o‘rnatildi
_

Bu yilgi «29 - oktabr Respublika bayrami» kuni Prezidentlik majmuasi qarshisida barpo etilgan «Beshtepe xalq bog‘i»da (Beştepe Millet Ormanı) «Turk til qurumi» (Türk Dil Kurumu) tomonidan o‘rnatilgan O‘rxun bitiklarining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimda Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘an bilan 30 - oktabr kuni poytaxt Anqarada boshlangan Turkiy davlatlar tashkilotining 13 - davlat rahbarlari sammitida ishtirok etgan Turkiy davlatlarning rahbarlari qatnashdi.

Turk til qurumi tomonidan asl nusxalari bilan aynan bir xil o‘lchamlarda tayyorlangan Kultegin, Bilga xoqon va Bilga To‘nyuquq bitiklarining nusxalari Beshtepe xalq bog‘idagi 16 ta turkiy davlat bayrog‘i ham o‘rnatilgan hududga joylashtirildi.

Kultegin bitigi

Kultegin bitigi Ko‘kturk xoqonlaridan Bilga xoqon tomonidan 731 - yili vafot etgan ukasi Kultegin xotirasini abadiylashtirish maqsadida o‘rnatilgan. Bitik joylashgan yodgorlik majmuasi 732 - yilda qurib bitkazilgan.

Bilga xoqon bitigi

734 - yili vafot etgan Ko‘kturk xoqoni Bilga xoqon xotirasini abadiylashtirish va turk xalqiga abadiy nasihatlar qoldirish maqsadida, 735 - yili uning o‘g‘li Tangri xoqon tomonidan o‘rnatilgan.

Bilga To‘nyuquq bitiklari

Bilga To‘nyuquq bitiklari Ikkinchi Ko‘kturk xoqonligining tashkil topishi va kuchayishida muhim vazifalarni bajargan davlat arbobi, maslahatchi va sarkarda Bilga To‘nyuquq tomonidan hayotlik chog‘ida o‘rnatilgan. Bitiklarda ularning o‘rnatilgan sanasi ko‘rsatilmagan, biroq ular 725 - yilga mansub deb hisoblanadi.

Kultegin, Bilga xoqon va Bilga To‘nyuquq bitiklari turkiy tilning eng qadimgi va keng qamrovli yozma yodgorliklari sifatida e’tirof etiladi. Tarixiy voqealarni yuksak mahorat bilan bayon etgan ushbu bitiklar turkiy til, adabiyot va davlatchilik tafakkurining muhim manbalari qatoridan o‘rin olgan.

Turkiy tilning eng qadimiy guvohlari va Turkiy dunyosining mustahkam birodarlik muhri bo‘lgan mangu toshlar poytaxt Anqarada, Prezidentlik majmuasi ro‘parasidagi Beshtepe xalq bog‘ida tashrif buyuruvchilarni kutmoqda.