Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasida savdoni rivojlantirish, bojxona jarayonlarida axborot almashish, ijtimoiy ta’minot sohasida hamkorlik qilish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan 5 ta bitim ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni chuqurlashtirish hamda hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini rivojlantirishga hissa qo‘shishi kutilmoqda.
Prezident qarorgohida Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘an va O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning uchrashuvidan so‘ng ikki mamlakat o‘rtasida savdoni rivojlantirish, bojxona jarayonlarida axborot almashish, ijtimoiy ta’minot sohasida hamkorlik qilish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga doir bitimlar imzolandi.
Ushbu bitimlar doirasida bir-birining bozorlariga kirish imkoniyatlarini kengaytirish, savdo jarayonlarini tezlashtirish va ishbilarmon doiralar uchun yangi institutsional hamkorlik mexanizmlarini yaratish maqsad qilingan. Ijtimoiy ta’minot sohasidagi kelishuvlar esa ikki mamlakat fuqarolarining ijtimoiy huquqlarini himoya qilish borasidagi hamkorlikni mustahkamlashi ko‘zda tutilmoqda.
Turkiya eksportchilar kengashi (TİM) ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar–sentabr oylarida Turkiyaning O‘zbekistonga eksporti 1 milliard 107,5 million dollarni tashkil etdi. Bu davrda O‘zbekistonga eng ko‘p eksport kimyoviy moddalar va ulardan tayyorlangan mahsulotlar sohasida qayd etilib, 309,4 million dollarga yetdi. Tayyor kiyim-kechak va tikuvchilik mahsulotlari hamda don mahsulotlari tarmoqlari esa eksportdagi o‘sish bilan ajralib turdi.
O‘tgan yili 3,1 milliard dollarni tashkil etgan o‘zaro savdo hajmini dastlab 5 milliard dollarga, o‘rta muddatda esa 10 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan. Shu doirada sanoat, energetika, transport, logistika, qishloq xo‘jaligi va to‘qimachilik kabi turli sohalarda o‘zaro investitsiyalarni ko‘paytirish hamda qo‘shma loyihalarni rivojlantirish ko‘zda tutilmoqda.
O‘zbekistondagi Turkiya investitsiyalarining umumiy hajmi 8 milliard dollardan oshdi
Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasida savdo bilan bir qatorda o‘zaro investitsiyalarni ko‘paytirish va qo‘shma loyihalarni rivojlantirishga qaratilgan ishlar ham davom etmoqda.
O‘zbekistondagi Turkiya investitsiyalarining umumiy hajmi 8 milliard dollardan oshdi. Turkiya 2024 va 2025-yillarda O‘zbekistonga eng ko‘p investitsiya kiritgan uchinchi mamlakat bo‘ldi. Mamlakatda Turkiya kapitali ishtirokidagi 2 ming 200 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda. Turkiyalik pudratchilar esa umumiy qiymati 9,5 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 333 ta loyihani amalga oshirishni zimmasiga olgan.
Ikki mamlakat o‘rtasida energetika, sanoat, infratuzilma va texnologiya kabi turli yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish, erkin va maxsus iqtisodiy zonalarda qo‘shma investitsiyalarni ko‘paytirish maqsad qilingan.
Shu doirada Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yuqori darajali kengashni tashkil etish orqali qo‘shma savdo va investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash hamda ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi institutsional hamkorlikni mustahkamlash ko‘zda tutilmoqda.
“Turkiya va O‘zbekiston iqtisodiyotlari bir-birini to‘ldiradi”
Tashqi iqtisodiy aloqalar kengashi (DEİK) huzuridagi Turkiya–O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashi raisi O‘zg‘ur O’nur O‘zg‘uven o‘z munosabatida Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi iqtisodiy hamda savdo aloqalarida erishilgan yutuqlar raqamlarda yaqqol namoyon bo‘layotganini aytdi.
O‘tgan yili Turkiyaning O‘zbekistonga eksporti 2,05 milliard dollarni, ushbu mamlakatdan importi esa 1,04 milliard dollarni tashkil etganini bildirgan O‘zg‘uven shunday dedi:
“O‘zaro savdo hajmimiz 2016-yildagi 1,3 milliard dollardan 2025-yilda 3,1 milliard dollarga yetdi. So‘nggi o‘n yilda savdomiz ikki baravardan ziyod oshib, iqtisodiy aloqalarimiz ham mustahkamlandi. Ikki mamlakat prezidentlari belgilagan savdo hajmini dastlab 5 milliard dollarga, keyin esa 10 milliard dollarga yetkazish maqsadi yo‘lida tashkilotlarimiz va ishbilarmon doiralarimiz faoliyatini davom ettirmoqda”.
O‘zg‘uven yuqori darajali strategik hamkorlik va qo‘shma iqtisodiy komissiya mexanizmlarining muntazam ishlashi ham ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni turli yo‘nalishlarda chuqurlashtirishga hissa qo‘shayotganini bildirib, quyidagilarni ta’kidladi:
“Turkiya va O‘zbekiston iqtisodiyotlari bir-birini to‘ldiradi. Turkiya pudratchilik, sanoat, to‘qimachilik, mashinasozlik, oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash va xizmat ko‘rsatish sohalaridagi tajribasi bilan ajralib tursa, O‘zbekiston yosh aholisi, tabiiy resurslari va Markaziy Osiyoning markazidagi strategik joylashuvi bilan muhim imkoniyatlar taqdim etmoqda. Bir-birini to‘ldiruvchi bu xususiyatlar qo‘shma ishlab chiqarish va investitsiya loyihalari uchun mustahkam zamin yaratmoqda”.
“O‘rta yo‘lakning ahamiyati ortishi bilan yangi imkoniyatlar paydo bo‘lmoqda”
O‘zg‘ur O’nur O‘zg‘uven O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda biznes-forumlar va qo‘shma yig‘ilishlar o‘tkazayotganliklarini bildirdi. Shuningdek, delegatsiyalar tashriflari, tarmoqlar va hududlar imkoniyatlariga bag‘ishlangan taqdimot uchrashuvlari orqali ishbilarmon doiralarni o‘zaro hamkorlik imkoniyatlari bilan tanishtirayotganliklarini aytdi.
Noyabr oyining birinchi haftasida Toshkentda uchrashuvlar o‘tkazishni rejalashtirayotganliklarini bildirgan O‘zg‘uven shunday dedi:
“Kelgusi davrda Turkiya–O‘zbekiston qo‘shma iqtisodiy komissiyasi yig‘ilishi va biznes-forum o‘tkazilishi ham ko‘zda tutilmoqda. Ishbilarmonlar kengashi sifatida o‘zaro savdoni belgilangan darajaga yetkazishga xizmat qiladigan takomillashtirish choralari yuzasidan tegishli idoralarga takliflarimizni taqdim etmoqdamiz. Qo‘shma ishlab chiqarishni rivojlantirish, uchinchi mamlakatlar bozorlariga birgalikda chiqish va uzoq muddatli strategik sherikliklarni yo‘lga qo‘yish ham iqtisodiy aloqalarimizdagi asosiy ustuvor yo‘nalishlar qatoriga kiradi”.
O‘zg‘uven O‘zbekistonda xorijiy investitsiyalarni jalb etish va investitsiya jarayonlaridagi byurokratik to‘siqlarni kamaytirish maqsadida amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, investitsiya va savdoga qaratilgan tartibga solish choralari Turkiya kompaniyalari uchun jozibador bozor va sheriklik imkoniyatlarini yaratayotganini qayd etdi.
“O‘zbekiston — 2030” strategiyasi doirasida kelgusi davrda qayta tiklanuvchi energiya, infratuzilmani modernizatsiya qilish, raqamlashtirish va sanoat ishlab chiqarishiga yirik investitsiyalar kiritilishi kutilayotganiga e’tibor qaratgan O‘zg‘uven shunday dedi:
“Mintaqaviy savdo yo‘laklarining rivojlanishi va O‘rta yo‘lak ahamiyatining ortishi bilan logistika markazlari hamda aqlli transport tizimlari sohalarida ham yangi imkoniyatlar paydo bo‘lmoqda. O‘zbekiston yaxshilanib borayotgan investitsiya muhiti bilan Turkiya ishbilarmon doiralari uchun Markaziy Osiyodagi strategik ishlab chiqarish va savdo markazlaridan biri sifatidagi mavqeyini mustahkamlamoqda”.
“Turkiy investitsiya jamg‘armasi imkoniyatlarini ishbilarmon doiralarga tanishtirish zarur”
O‘zg‘ur Onur O‘zg‘uven Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) mamlakatlari katta iqtisodiy salohiyatga ega ekanini ta’kidlab, shunday dedi:
“2025-yilda TDT mamlakatlarining jami yalpi ichki mahsuloti (YaIM) qariyb 2,3 trillion dollarni tashkil etib, jahon iqtisodiyotining 2 foiziga teng bo‘ldi. A’zo mamlakatlarning umumiy tashqi savdo hajmi esa 1,2 trillion dollardan oshdi”.
O‘zbekistonning TDT mamlakatlari bilan tashqi savdo hajmi 2017-yildagi 4 milliard dollarga nisbatan 2,7 baravar oshib, 2025-yilda 10,8 milliard dollarga yetganini eslatgan O‘zg‘uven: “O‘zbekistonning TDTga a’zo mamlakatlar orasidagi eng yirik savdo hamkori qo‘shni Qozog‘iston bo‘lsa, Turkiya ikkinchi o‘rinda turadi”, — dedi.
O‘zg‘uven O‘zbekiston Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida faol rol o‘ynayotganini bildirib, so‘zini shunday yakunladi:
“O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashkilot doirasidagi hamkorlikni aniq loyihalar orqali rivojlantirish uchun savdo bilan bir qatorda qo‘shma ishlab chiqarish markazlari va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish tarafdori. O‘rta yo‘lak kabi yirik infratuzilma tashabbuslarini jadallashtirish, bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish va raqamlashtirish ham asosiy takliflar qatoriga kiradi. Mirziyoyev TDT davlat rahbarlari sammiti oldidan bergan bayonotida Turkiy davlatlar iqtisodiy sheriklik doimiy kengashini tashkil etishni ham taklif qildi.
TDTga a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi savdoni oshirish, o‘zaro investitsiyalarni rivojlantirish va iqtisodiy integratsiyani mustahkamlash uchun moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish katta ahamiyatga ega. Shu maqsadda iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish va qo‘shma loyihalarni moliyalashtirish uchun tashkil etilgan Turkiy investitsiya jamg‘armasidan samarali foydalanish hamda uning imkoniyatlarini ishbilarmon doiralarga tanishtirish zarur. Jamg‘arma mablag‘larining, ayniqsa, qayta tiklanuvchi energiya, energiya samaradorligi, infratuzilma, logistika, sanoat ishlab chiqarishi, qishloq xo‘jaligi va turizm kabi strategik sohalarga yo‘naltirilishi kutilmoqda”.





















