Prezident Erdo‘g‘an o‘z tabrigida quyidagi fikrlarni bildirdi:
“Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) tuzilganining 81 yilligi bilan mamlakatim va xalqim nomidan chin qalbimdan tabriklayman. Bosh kotib janob Antoniu Guterrish boshchiligida mamlakatimizda va dunyoning turli hududlarida faoliyat yuritayotgan BMT xodimlarini qutlayman.
Ikki jahon urushidan so‘ng «kelajak avlodlarni urush ofatidan asrash» irodasi bilan tuzilgan BMT ilk kundan buyon xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlash, taraqqiyot va farovonlikni rag‘batlantirish yo‘lida muhim mas’uliyatni o‘z zimmasiga olib kelmoqda.
Bugun biz duch kelayotgan urushlar, insonparvarlik falokatlari, iqlim o‘zgarishi, ochlik va qashshoqlik, irqchilik, chet elliklarga dushmanlik va islomga qarshilik kabi global muammolar BMTning tashkil etilishidagi vazifaning ahamiyati kamaymaganini, aksincha, yanada ortganini ko‘rsatmoqda.
Insoniyat bugun ham BMT Nizomida ifodalangan umumiy iroda hayotga tatbiq etiladigan, urushlar tugaydigan va mustahkam tinchlik hukm suradigan kelajakni intiqlik bilan kutmoqda.
BMT o‘z zimmasidagi ushbu ezgu vazifalarni munosib bajarishi uchun barcha mamlakatlarning BMT Nizomini yanada qat’iy himoya qilishi hamda tashkilotning asosiy organlari samaradorligini oshirishga qaratilgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashi insoniyatning umumiy manfaatlariga xizmat qilishda davom etmoqda.
Shu nuqtayi nazardan, BMT Xavfsizlik Kengashini yanada adolatli, keng qamrovli va xalqaro hamjamiyat kutayotgan talablarga javob bera oladigan tuzilmaga aylantirish alohida ahamiyat kasb etmoqda. G‘azoda sodir bo‘layotgan va 74 mingdan ortiq g‘azolikning hayotiga zomin bo‘lgan genotsid, shuningdek, dunyoning boshqa hududlaridagi inqiroz va mojarolar bu ehtiyoj naqadar shoshilinch ekanini yaqqol ko‘rsatmoqda.
Shu tushuncha asosida janob Bosh kotib ilgari surgan BM80 tashabbusini qo‘llab-quvvatlaymiz. Istanbulni BMT markaziga aylantirish maqsadimiz yo‘lida tashkilot bilan yaqin hamkorlikda ishlamoqdamiz.
Shu fikrlar bilan 24-oktabr — Birlashgan Millatlar Tashkiloti kuni bilan tabriklayman. Yanada adolatli dunyo barpo etish mumkinligiga bo‘lgan ishonch bilan xalqaro tizim va uning markazida turgan BMTni yanada samarali va keng qamrovli tuzilmaga aylantirish yo‘lidagi sa’y-harakatlarimizni qat’iyat bilan davom ettirishimizni yana bir bor ta’kidlayman”.




























