G‘azoning janubida, Xon Yunus shahrining g‘arbiy qismidagi al -Mavasi hududida o‘z uy - joyidan ko‘chirilgan falastinliklar istiqomat qilayotgan chodirda yuz bergan yong‘in oqibatida falastinlik ikki nafar go‘dak halok bo‘ldi. Isroil qamali tufayli yuzaga kelgan zarur mahsulotlar tanqisligi sababli ochiq olovda ovqat pishirishga majbur bo‘lgan oilalar yong‘in xavfi ostida qolmoqda.
Ikki oylik Habiba Muhammad Zanun va yetti oylik Asil Abu Suhayban shanba kuni ertalab Nosir tibbiyot majmuasida og‘ir kuyish jarohatlari oqibatida hayotdan ko‘z yumdi. Shifoxona go‘daklarning shaxsini tasdiqladi. Har ikki chaqaloq ham juma kuni tushdan keyin oila a’zolari chodirda bo‘lgan paytda yuz bergan yong‘indan so‘ng jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan edi.
Habiba vafot etgan kuni unga ikki oylik emlash jarayonini o‘tkazish rejalashtirilgan edi.
Voqea haqida Anado‘lu axborot agentligi (AA) ma’lumot bergan manbalar yong‘in chodir ichida ovqat tayyorlanayotgan vaqtda boshlanganini ma’lum qildi. Manbalarning ta’kidlashicha, gaz ballonlari va eng zarur mahsulotlarning jiddiy tanqisligi ko‘chirilgan oilalarni ochiq olovda ovqat tayyorlashga majbur qilmoqda.
Asilning onasi qizini qutqarishga urinish chog‘ida kuyish jarohatlari olgani sababli shifoxonaga yotqizildi.
“Bularning barchasi nega bizning boshimizga tushmoqda?”
Go‘daklarning buvisi Anado‘lu axborot agentligiga bergan intervyusida yong‘in sodir bo‘lgan paytda qizining oilasini ko‘rgani kelganini ifoda etdi. Habiba qizining farzandi ekanini bildirgan buvi, ikki chaqaloq ham og‘ir jarohatlarga dosh bera olmaganini ta’kidladi.
“Bularning barchasi nega bizning boshimizga tushmoqda?” - deya savol bergan buvi, “Har kuni baxtsiz hodisalar, bombardimonlar va yong‘inlar sodir bo‘lmoqda. Odamlar turli yo‘llar bilan hayotdan ko‘z yummoqda”, - dedi.
“Uch yildan beri ko‘chirilish, qayg‘u va azob - uqubat ichida shu tarzda yashayapmiz”, - deya qo‘shimcha qildi u.
Xavfsiz ovqat tayyorlash imkoniyatlari mavjud emas
Manbalarning bildirishicha, juma kuni G‘azoning markaziy va janubiy qismlaridagi chodirlarda sodir bo‘lgan uchta yong‘indan biri aynan shu hodisa edi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi (OCHA) iyun oyida bergan ogohlantirishida, chodirlar ichida ovqat tayyorlash yong‘inlarning asosiy sabablaridan biri ekanini qayd etgan edi. OCHA boshpanalarni mustahkamlash maqsadida ishlatiladigan ko‘rpa - to‘shaklar, eski matolar, karton va plastik qoplamalar olovning tez tarqalishiga sabab bo‘lishi hamda yong‘inlarni nazorat qilishni qiyinlashtirishini ta’kidlagan edi.
OCHA, shuningdek, Isroil rasmiylari avvalroq tasdiqlangan yordam yukining 26 - avgust va 2 - sentabr kunlari Misr orqali G‘azoga kirishiga ruxsat bermaganini ma’lum qildi. Yuk tarkibida 36 ming 960 dona yog‘och taxta va favqulodda boshpana uchun mo‘ljallangan 660 ta to‘plam mavjud edi.
G‘azo hukumati Media idorasi avvalroq ko‘chirilgan 800 mingdan ortiq falastinlik inson hayoti uchun yaroqsiz chodirlarda yashayotganini ma’lum qilgan edi. Idora hisob - kitoblariga ko‘ra G‘azodagi 270 mingta chodirdan 162 mingtasini zudlik bilan almashtirish zarur.

























