TURKIYA
2 daqiqa o'qish
Erdo‘g‘an: Falastin davlatini bo‘g‘ishga urinishlar muvaffaqiyatsizlikka uchraydi
Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘an Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 81-sessiyasida nutq so‘zladi.
Erdo‘g‘an: Falastin davlatini bo‘g‘ishga urinishlar muvaffaqiyatsizlikka uchraydi
Erdo‘g‘onning nutqida Falastin, BMT islohoti, mintaqaviy mojarolar, iqlim o‘zgarishi va sun’iy intellekt asosiy o‘rin tutdi.

Erdo‘g‘an: “Falastin davlatini bo‘g‘ishga urinishlar muvaffaqiyatsizlikka uchraydi. 1967-yilgi chegaralar asosida, poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan, mustaqil va hududiy yaxlitlikka ega Falastin davlati barpo bo‘ladigan o‘sha go‘zal kunlarni, inshaalloh, ko‘ramiz”, dedi.

“Falastin xalqining kurashini dunyoga yetkazishda davom etamiz”

Erdo‘g‘an Falastin Prezidenti Mahmud Abbosning ketma-ket ikki yildan beri Bosh Assambleyada qatnasha olmaganini tanqid qildi. Turkiya ozod va suveren Falastin davlatining ovozi bo‘lishda davom etishini ta’kidlab, Falastinni hali tan olmagan davlatlarni o‘z qarorlarini qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi.

“Insoniyat o‘sha kuchli iroda hayotga tatbiq etiladigan kunlarni kutmoqda”

BMT tashkil etilganidan 81 yil o‘tgan bo‘lsa-da, dunyo hamon urush va mojarolarga duch kelayotganini aytgan Erdo‘g‘an, so‘nggi 12 oy ichida 60 dan ortiq mojaro va urush yuz berganini bildirdi.

“G‘azo davrimizning eng g‘ayriinsoniy konslageridir”

G‘azodagi vaziyatga e’tibor qaratgan Erdo‘g‘an, minglab odamlar halok bo‘lganini, ko‘plab insonlar o‘z uy-joylarini tark etishga majbur bo‘lganini va shifoxonalarda jiddiy yoqilg‘i tanqisligi yuzaga kelganini aytdi.

U G‘arbiy Sohilda yahudiy ko‘chmanchilarning hujumlari kuchayganini va Quddusdagi muqaddas joylarga kirishga to‘sqinlik qilinayotganini ta’kidladi.

“BMT o‘z vazifalarini bajara olmaydigan holatga keltirildi”

Erdo‘g‘an BMT mojaro hududlarida samarasiz qolayotganini bildirib, xalqaro tizimga bo‘lgan ishonchni qayta tiklash zarurligini aytdi.

“Xavfsizlik Kengashi ‘Dunyo beshdan kattadir’ tamoyili asosida isloh qilinishi kerak”

BMT Xavfsizlik Kengashi tuzilmasini isloh qilish zarurligini ta’kidlagan Erdo‘g‘an, xalqaro huquqning barchaga teng qo‘llanishi, mintaqaviy mas’uliyat, ochiq diplomatiya va daromadlar adolatini kuchaytirishga chaqirdi.

“G‘azoni qayta qurishni vaqt yo‘qotmasdan boshlashimiz kerak”

Erdo‘g‘an G‘azoni qayta qurish ishlarini kechiktirmasdan boshlash kerakligini aytib, 1967-yilgi chegaralar asosida, poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil va hududiy yaxlitlikka ega Falastin davlati tashkil etilishi zarurligini bildirdi.

“Qora dengizda savdo kemalariga hujumlar qabul qilib bo‘lmaydi”

Rossiya-Ukraina urushini tugatish uchun muzokaralar davom etayotganini bildirgan Erdo‘g‘an, Qora dengizda savdo kemalariga qarshi hujumlar kim tomonidan amalga oshirilishidan qat’i nazar, qabul qilib bo‘lmasligini aytdi.

“Turkiya barqarorlik oroli bo‘lib qolmoqda”

Turkiya Yevropa xavfsizligi uchun muhim rol o‘ynayotganini ta’kidlagan Erdo‘g‘an, Bolqon, Janubiy Kavkaz, Suriya, Iroq va Afrikadagi vaziyat bo‘yicha Turkiyaning diplomatik tashabbuslari haqida so‘z yuritdi.

“Antaliyada COP31 sammitiga mezbonlik qilamiz”

Erdo‘g‘an Turkiya COP31 sammitiga mezbonlik qilishini va iqlim adolati kun tartibining markazida bo‘lishini aytdi. Shuningdek, “Nol chiqindi” harakati global xabardorlik kampaniyasiga aylanganini ta’kidladi.

“Xalqaro sun’iy intellekt konvensiyasini tayyorlash muhim”

Ijtimoiy tarmoqlardagi dezinformatsiya va sun’iy intellekt yuzaga keltirayotgan xavflarga e’tibor qaratgan Erdo‘g‘an, sun’iy intellekt bo‘yicha xalqaro umumiy huquqiy asos yaratish zarurligini bildirdi.

“Qiyin bo‘lgani — o‘sha zulmatni yoritadigan shamni yoqa bilishdir”

Erdo‘g‘an dunyo oldida mojaro va yakkalanish yo‘li bilan adolat, hamjihatlik va umumiy iroda yo‘li o‘rtasida tanlov turganini aytib, Turkiya ikkinchi yo‘lni tanlaganini ta’kidladi.

Tafsilotlar kutilmoqda.