Sanoat va texnologiyalar vaziri Mehmet Fatih Kajir, Turkiya yirik investitsiyalar va yangi milliy harakat rejasi orqali sun’iy intellekt (SI) sohasida yetakchi davlatlar qatoriga kirishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.
Payshanba kuni Istanbulda bo‘lib o‘tgan «GITEX AI Türkiye» tadbirida so‘zga chiqqan Kajir, hukumat mamlakatni innovatsion ekotizimini kengaytirish masalasida qo‘llab - quvvatlayotganini ta’kidladi.
Kajirning aytishicha, hozirda Turkiyada 1 700 ta tadqiqot va rivojlantirish markazi mavjud bo‘lib, 115 ta texnoparkda 13 mingdan ortiq kompaniyaga ko‘mak berilmoqda.
Sanoat va texnologiyalar vaziri mavzu haqida shuningdek: «Davlat tomonidan tashkil etilgan fund - of - funds mexanizmlari startap ekotizimi uchun 2,8 milliard dollar mablag‘ jalb qilgan. Yaqinda e’lon qilingan 300 million dollarlik venchur kapital ajratmasi esa sohaga 750 million dollardan ortiq mablag‘ jalb qilishi kutilmoqda» - dedi.
Turkiyada «Turcorn» deb ataladigan sakkizta «yakka shox» kompaniya (unicorn) mavjud bo‘lib, mamlakat 100 mingta texnologik startap tashkil etishni maqsad qilgan, deya qo‘shimcha qildi u.
Hukumat, shuningdek, Istanbulning xalqaro texnologiya markazi sifatidagi mavqeini mustahkamlash maqsadida eski Istanbul Ataturk aeroporti terminalini Kajir ta’riflaganidek, dunyodagi eng yirik startap markaziga aylantirmoqda.
Sun’iy intellekt investitsiyalari va infratuzilma
Kajir, Turkiya sun’iy intellektga yo‘naltirilgan venchur kapital fondlariga 150 million dollar miqdorida davlat mablag‘i ajratishini bildirdi.
Hukumatning 30 milliard dollarlik qo‘llab - quvvatlash tashabbusi bo‘lgan HIT - 30 dasturi raqamli transformatsiyani tezlashtirishga qaratilgan sun’iy intellekt loyihalari uchun 1,6 milliard dollarlik moliyalashtirish dasturini o‘z ichiga oladi.
2026 – 2030 - yillarga mo‘ljallangan Sun’iy intellekt bo‘yicha harakat rejasi doirasida Turkiya davlat investitsiya dasturlarining kamida 2 foizini sun’iy intellekt loyihalariga yo‘naltirishni rejalashtirmoqda.
2030 - yilgacha mamlakat ma’lumotlar markazlari quvvatini 1 gigavattga yetkazish hamda bulutli texnologiyalar va raqamli infratuzilmaga kamida 10 milliard dollar xususiy investitsiya jalb qilishni maqsad qilgan.
Kajir, shuningdek, hukumat tez orada dasturchilarga turk yirik til modeli — BİLGE’ning ilk versiyasini taqdim etishini ma’lum qildi.
U, shuningdek, milliy to‘liq elektrli TOGG avtomobilini ham alohida ta’kidlab, hozirda ushbu avtomobillardan qariyb 120 ming donasi Turkiya yo‘llarida harakatlanayotganini bildirdi.



















