Turkiya mudofaa va aviatsiya sanoati eksportida rekord koʻrsatkich: 5 yilda 4,4 baravar oʻsish
Turkiyaning havo, quruqlik va dengiz platformalariga kiritgan sarmoyalari natijasida yaratilgan milliy mahsulotlar va harbiy anjomlar eksporti jadal surʼatlar bilan oʻsmoqda. Natijada mudofaa va aviatsiya sanoatining mamlakat umumiy eksportidagi ulushi keskin ortdi.
Dunyoda, xususan Rossiya-Ukraina urushi hamda turli hududlarda yuzaga kelayotgan xavfsizlik inqirozlari sababli mamlakatlarning yirik miqyosdagi quruqlik, dengiz va havo platformalaridan tortib, FPV-dronlargacha boʻlgan mahsulotlarga ehtiyoji ortib bormoqda. Turkiya oʻzining ishlab chiqarish salohiyati bilan doʻst va hamkor davlatlarning bu boradagi ehtiyojlarini samarali taʼminlamoqda.
Eksport koʻrsatkichlarining yillar kesimidagi dinamikasi
Turkiya Eksportchilar Kengashi (TİM) maʼlumotlariga koʻra, mudofaa va aviatsiya sanoatining eksport tushumi koronavirus pandemiyasi sababli global savdo va ishlab chiqarish sekinlashgan 2020-yilda 2 milliard 279 million dollarni tashkil etgan edi.
Pandemiya taʼsiri kamayishi bilan eksport tushumi 2021-yilda 3 milliard 225 million dollarga yetdi va keyingi yillarda ham oʻsishda davom etdi. Sanoatning xorijiy sotuv tushumlari:
2022-yilda: 4 milliard 396 million dollar;
2023-yilda: 5 milliard 546 million dollar;
2024-yilda: 6 milliard 735 million dollar;
2025-yilda: 10 milliard 16 million dollarga yetib, tarixdaman birinchi marta 10 milliard dollar chegarasidan oshib oʻtdi.
Umumiy eksportdagi ulushi 4,2 foizga yetdi
Shu tariqa, mudofaa va aviatsiya sanoati eksporti 2020-yildan 2025-yilgacha boʻlgan davrda uzluksiz oʻsish koʻrsatdi. Oʻz tashqi sotuv hajmini 5 yil ichida 4,4 baravarga oshirgan ushbu sohaning Turkiya umumiy eksportidagi ulushi 2020-yildagi 1,5 foizdan 2025-yilda 4,2 foizga koʻtarildi.
Bundan tashqari, 2025-yilning dekabr oyida qayd etilgan 2 milliard 571 million dollarlik eksport koʻrsatkichi soha tarixidagi eng yuqori oylik koʻrsatkich sifatida qayd etildi.
2026-yil va undan keyingi istiqbollar
Mudofaa va aviatsiya sanoati korxonalarining 2026-yilda imzolagan hamda keyingi yillarga moʻljallangan yirik hajmdagi eksport shartnomalari kelgusi davrda ham barqaror oʻsish kuzatilishini tasdiqlamoqda. Soha mutaxassislarining taʼkidlashicha, eksportdagi ushbu barqaror dinamika 2026-yilda ham davom etishi kutilmoqda.






















