Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) koinot ilmi, texnologiyalari va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash doirasida muhim xalqaro tadbirlarda «Turkiy dunyo koinot kunlari»ni tashkil etish hamda birgalikda ishlab chiqilgan sun’iy yo‘ldoshni 2027 - yili uchirishni rejalashtirmoqda.
Anado‘lu axborot agentligi (AA) muxbiri tomonidan to‘plangan ma’lumotlarga ko‘ra TDTning 13 - sammitida qabul qilingan Anqara deklaratsiyasida iqtisodiyot, savdo va diplomatiya bilan bir qatorda koinot va aviatsiya sohalariga o‘tgan yilgi Gebele deklaratsiyasiga nisbatan ancha keng o‘rin ajratilgan.
Mazkur sohadagi eng yirik tadbirlardan biri bo‘lgan Xalqaro astronavtika kongressining (IAC) so‘nggi yillarda turkiy davlatlarda o‘tkazilayotgani ham e’tiborga molik.
2023 - yili Ozarbayjon bilan boshlangan jarayon bu yil Turkiyada davom etdi. 2028 - yili esa kongress O‘zbekistonda o‘tkaziladi.
A’zo davlatlar TDTning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish va qo‘shma tashabbuslarni keng targ‘ib qilish maqsadida muhim xalqaro koinot tadbirlari doirasida «Turkiy dunyo koinot kunlari»ni tashkil etishni rejalashtirmoqda.
Qo‘shma sun’iy yo‘ldoshni 2027 - yilda uchirish maqsad qilingan
Deklaratsiyada TDT doirasida birgalikda ishlab chiqilgan ilk kubsimon sun’iy yo‘ldosh — 12U o‘lchamdagi TDT - SAT loyihasining ishlab chiqarish bosqichi yakunlangani, turkiy davlatlar o‘rtasidagi texnologik hamkorlikda muhim bosqich sifatida baholandi.
Sinovlarning joriy yil davomida yakuniy bosqichga yetkazilishi, sun’iy yo‘ldoshni esa 2027 - yilning ikkinchi yarmida Qozog‘istondagi Boyqo‘ng‘ir kosmodromidan uchirish rejalashtirilmoqda.
A’zo davlatlardan TDT - SAT sun’iy yo‘ldoshini uchirish bilan bog‘liq qolgan huquqiy, me’yoriy va texnik jarayonlarni jadallashtirish kutilmoqda.
Antaliyada 6 - oktabr kuni imzolangan «TDT doirasida kosmik sanoat sohasidagi hamkorlik salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan ilk Asosiy bitim» ham mamnuniyat bilan qarshi olindi.
Yoshlar dasturlari va TEKNOFESTga alohida e’tibor
Deklaratsiyada Turkiya Kosmik agentligining (TUA) «Koinot tadqiqotchilari — Turkiya kosmik lageri» dasturi koinot sohasida yosh iste’dodlarni tarbiyalash va turkiy dunyo yoshlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash nuqtayi nazaridan muhim tashabbus sifatida baholandi.
Dasturni davom ettirish va kengaytirish maqsad qilinar ekan TEKNOFEST aviatsiya, koinot va texnologiyalar festivali ham turkiy dunyo yoshlarini birlashtiruvchi platformalardan biri sifatida alohida e’tirof etildi.
Turkiya Texnologiyalar jamoasi jamg‘armasi (T3 Vakfi) Boshqaruv kengashi raisi Elvan Kuzuju Hidir, Anado‘lu axborot agentligi (AA) muxbiriga bergan intervyusida TEKNOFESTning Anqara deklaratsiyasidan o‘rin olganini turkiy dunyoning ilm - fan, texnologiya va innovatsiyalar sohasidagi umumiy kelajak uchun bo‘lgan ko‘z qarashlarining ifodasi sifatida baholashlarini ta’kidladi.
Kuzuju Hidir, bolalar va yoshlarning iste’dodlarini erta yoshdan kashf etish hamda ularning g‘oyalarini aniq loyihalarga aylantirishni maqsad qilganliklarini bildirdi.
Shu yo‘nalishda ilm - fan markazlari orqali ilmiy qiziqishni qo‘llab - quvvatlayotganliklari, Deneyap texnologiya ustaxonalarida amaliy ta’lim berayotganliklari, TEKNOFEST orqali esa yoshlarga o‘z loyihalarini hayotga tatbiq etish imkonini beradigan platforma taqdim etayotganliklarini qayd etdi.
Kuzuju Hidir ushbu faoliyatni nafaqat Turkiyada, balki Ozarbayjon, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Shimoliy Kipr Turk Respublikasi (KKTC), Mavritaniya va Bolqon mamlakatlarida ham yo‘lga qo‘yganliklarini ifoda etdi.
Ushbu tashabbuslar orqali nafaqat yoshlarning ilmiy va texnologik salohiyatini rivojlantirish, balki bilim almashish, birgalikda ishlab chiqarish madaniyati va barqaror hamkorlikni mustahkamlashni ham maqsad qilganliklarini ta’kidladi.
«Turkiy dunyoning eng katta kuchi — umumiy qadriyatlarimiz atrofida birlashadigan, orzu qiladigan va bu orzularini aniq loyihalarga aylantiradigan yoshlarimiz ekaniga ishonchimiz komil», — dedi u.
Kuzuju Hidir kelajak texnologiyalarida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan, birgalikda fikrlaydigan va ishlab chiqaradigan avlodni tarbiyalash yo‘lidagi ishlarni qat’iyat bilan davom ettirishlarini qayd etdi.
Kuzuju Hidir so‘zlari yakunida: «TEKNOFESTning TDT deklaratsiyasidan o‘rin olishi umumiy kelajakka qaratilgan qat’iy iroda va hamkorlik salohiyatining muhim ifodasidir», — deya gapirdi.


















