Ukraina havo hujumi haqida ogohlantirish tizimida nosozlik yuz berganini ma’lum qilishidan bir necha soat o‘tib, Rossiya ham favqulodda vaziyatlar to‘g‘risida ogohlantirish ilovasiga qarshi «yirik kiberhujum» uyushtirilganini bildirdi. Bu holat urush davomidagi eng uzoq muddatli otashkesim buzilgan bir paytda, tomonlarning o‘zaro raqamli hujumlarga urinishlari sifatida baholanmoqda.
Moskva Favqulodda vaziyatlar vazirligi xakerlar aholini yaqinlashib kelayotgan insonsiz havo transportlari orqali uyushtiriluvchi hujumlar va havo tahdidlaridan ogohlantirish uchun ishlab chiqilgan ilovaga «yolg‘on ma’lumotlar» kiritganini ma’lum qildi.
Bundan bir necha soat oldin Ukraina Harbiy - havo kuchlari Air Alarm platformasi foydalanuvchilarga radiatsiya xavfi haqida yolg‘on ogohlantirishlar yuborganidan so‘ng «dushmanona aralashuv»ga uchraganini tasdiqlagan edi. Ukraina Strategik kommunikatsiyalar markazi esa bu hodisada Rossiya tomonini aybladi.
Raqamli to‘qnashuvlar Moskva, Kiyev taklif qilgan otashkesim yoki sulh muddatini uzaytirish tashabbusini rad etganidan keyin boshlandi. Sulh yakshanba kuni Ukraina janubidagi Xerson viloyatida yakunlangan edi.
AQSh birinchi xonimi Melaniya Tramp o‘rtamchiligida erishilgan gumanitar sulh tufayli Rossiya nazoratidagi Oleshki shahriga yordam konvoylarining kirishiga ruxsat berilgan edi.
Neftni qayta ishlash zavodlariga qarshi hujumlar va frontdagi keskinlik
Ukraina Inson huquqlari bo‘yicha vakili Dmitro Lubinets 27 - oktabrdan 1 - noyabrgacha amal qilgan sulh yakunlanganini tasdiqlab, vaqtinchalik to‘xtashni «umumiy gumanitar sa’y - harakatlardagi muhim qadam» deb baholadi.
Biroq harbiy rasmiylar to‘qnashuvlar yanada keskinlashishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Ukrainalik bir zobitning ta’kidlashicha Dnepr daryosining narigi sohilida joylashgan Rossiya kuchlari ushbu tanaffusdan qo‘shimcha qo‘shin to‘plash, o‘q - dorilar tashish va kuzatuvchi insonsiz havo transportlarini joylashtirish uchun foydalangan.
Shu bilan bir vaqtda, har ikki mamlakat ham jismoniy hujumlar uyushtirdi. Rossiya Moskvaning sharqidagi sanoat korxonasiga tunda insonsiz havo transportlari orqali hujum qilinganini ma’lum qildi. Ukraina OAVlari esa nishonga olingan nuqta Kstovo neftni qayta ishlash zavodi ekanini xabar qildi.
Ukraina Energetika vazirligi Rossiyaning energetika infratuzilmasiga bergan zarbalari ortidan Kiyevni ham o‘z ichiga olgan bir qator hududlarda elektr ta’minotida yangi uzilishlar yuz berganini tasdiqladi.
AQSh Kiyevga Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga hujumlarni to‘xtatish uchun bosim o‘tkazdi va bu hujumlarni mamlakat ichki bozorida yoqilg‘i narxlarining oshishiga sabab bo‘layotgan omil sifatida ko‘rsatdi.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy yakshanba kuni bu masala yuzasidan bergan bayonotida Vashingtonga quyidagilarni aytganini bildirdi:
«Agar Rossiyaning neftni qayta ishlash zavodlariga hujum qilmasligimizni istasangiz, ular ham bizning energetika tizimimizga hujum qilmasliklari kerak. Yana bir muqobil yo‘l bor: bizga Patriot raketalarini bering».
















