Gretsiyada yuqori sinf o’quvchilari va oliy taʼlim talabalari hamda oʻqituvchilar taʼlim sohasi uchun koʻproq mablagʻ ajratilishi talabi bilan bugun yana koʻchalarga chiqishmoqda.
Ommaviy namoyishlar doirasida bepul davlat taʼlimini himoya qilish maqsadida Afina universiteti binosi oldida namoyish oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Oʻrta taʼlim oʻqituvchilari kasaba uyushmasi (OLME) oʻqituvchilarning ushbu namoyishlarda ishtirok etishlarini taʼminlash uchun toʻrt soatlik ish tashlash qarorini qabul qildi. OLME oʻzining rasmiy bayonotida: "Biz bepul davlat taʼlimi olish, bilim olish imkoniyatiga ega boʻlish va oʻz umidlariga mos hayot kechirish huquqini talab qilayotgan talabalarimiz bilan birgamiz", — deya taʼkidladi.
Talabalar va oʻqituvchilar taʼlim infratuzilmasi yetishmovchiligi, kadrlar tanqisligi hamda maktab binolarining qarovsiz va xarob ahvolga kelib qolganiga eʼtiroz bildirishmoqda.
Shuningdek, namoyishlarda mamlakatdagi narx-navoning qimmatlashuvi va hayot darajasi bilan bogʻliq muammolar ham tanqid qilinmoqda.
Eslatib oʻtamiz, Gretsiyada 21-oktyabr kuni boʻlib oʻtgan birinchi eʼtirozlar toʻlqini poytaxt Afina hamda mamlakatning ikkinchi yirik shahri va muhim talabalar markazi boʻlmish Saloniki boshchiligida 10 mingdan ortiq kishini bir joyga jamlagan edi.





















