DUNYO
1 daqiqa o'qish
Irlandiyaning A320 samolyoti Fransiyaga favqulodda qoʻndi
Dublin-Rim reysi samolyoti bomba haqidagi xabar sababli Fransiyadagi harbiy bazaga favqulodda qoʻnishga majbur boʻldi.
Irlandiyaning A320 samolyoti Fransiyaga favqulodda qoʻndi
Aer Lingus planes are seen at Dublin airport, Ireland.

Fransiyada samolyot bomba haqidagi xabar sababli favqulodda qoʻndi.

Fransiyaning BFMTV telekanalining Bosh vazirlik manbalariga tayanib xabar berishicha, Irlandiyaning “Aer Lingus” aviakompaniyasiga tegishli A320 rusumli yoʻlovchi samolyoti bomba haqidagi ogohlantirish sababli favqulodda qoʻnishni amalga oshirdi.

Irlandiya poytaxti Dublindan Italiya poytaxti Rimga qarab uchayotgan yoʻlovchi samolyoti Fransiyaning Normandiya mintaqasidagi Evryo-Fovil (Évreux-Fauville) harbiy havo bazasiga qoʻngani bildirildi.

6 nafar ekipaj aʼzosi va 151 nafar yoʻlovchi boʻlgan samolyot bazaga xavfsiz ravishda qoʻngani hamda holat nazorat ostida tekshirilayotgani maʼlum qilindi.

Parvozlarni real vaqt rejimida kuzatuvchi Flightradar24 sayti maʼlumotlariga koʻra, mahalliy vaqt bilan soat 06:25 da Dublindan yoʻlga chiqqan samolyot Fransiyaning Esson viloyati osmonida bir necha bor aylangan. Shundan soʻng samolyot shimolga — harbiy baza joylashgan hududga qarab yoʻnalgan.

Taʼkidlash joizki, Rimga moʻljallangan parvozlar boʻyicha ilgari ham bomba haqida yolgʻon xabarlar berilgan edi.

3-noyabr kuni Portugaliya poytaxti Lissabon va Irlandiya poytaxti Dublindan Rimning Fyumichino (Fiumicino) aeroportiga uchgan ikki yoʻlovchi samolyoti boʻyicha kelib tushgan bomba haqidagi xabarlar asossiz boʻlib chiqqan edi.