New York Times ma’lumotiga ko‘ra, AQSh davlat kotibi Marko Rubio Tramp ma’muriyatining yuqori martabali vakillarini ogohlantirishga qaratilgan maxfiy razvedka ma’lumotnomasini tayyorlash jarayoniga rahbarlik qilgan. Unda Nvidia bosh ijrochi direktori Jensen Huangning Xitoy razvedkasiga aloqador ekani iddao qilinayotgan shaxs bilan yaqin munosabatda ekani haqida ogohlantirilgan.
Joriy yil bahorida Rubio nazoratida tayyorlangan ogohlantirish ma’lumotnomasi AQSh prezidenti Donald Trampning may oyida Xitoyga amalga oshirgan rasmiy tashrifidan oldin xavfsizlik bo‘yicha yuqori martabali amaldorlarga yetkazilgan.
Hujjat Nvidia rahbari bilan hech qanday qarindoshlik aloqasi bo‘lmagan xitoylik ishbilarmon ayol Elis Huang ustidan olib borilgan elektron kuzatuv natijasida tayyorlangan.
Elis Huang Singapurda joylashgan Megaspeed International ma’lumotlar markazlari kompaniyasida yuqori lavozimda ishlagan. Xitoyning materik qismiga yarimo‘tkazgich mahsulotlarini noqonuniy olib kirgani yuzasidan federal tergov ostida bo‘lgan kompaniya ilg‘or sun’iy intellekt protsessorlarini xarid qilgan edi.
Chip ishlab chiqaruvchi yirik Nvidia kompaniyasining direktorlar kengashi yakshanba kuni Jensen Huang yuzasidan tekshiruv boshlaganini e’lon qildi. Huang AQSh rasmiylari Xitoy razvedkasi uchun ishlashini bildirgan ayol bilan ishqiy munosabatda bo‘lganini tan olgan edi.
Yakshanba kuni kompaniya xodimlariga yo‘llagan xabarida Huang ushbu munosabatni tan olib, oilasi va kompaniya xodimlaridan uzr so‘radi.
“Turmush o‘rtog‘imga xiyonat qildim. Qilmishim unga va farzandlarimizga ozor yetkazdi. Buni hech qanday bahona bilan oqlab bo‘lmaydi. Chuqur afsusdaman”, — dedi Huang.
“Ajoyib Jensen Huang”
Jensen Huang dastlab Trampning Xitoyga tashrifida qatnashgan rasmiy ishbilarmonlar delegatsiyasi tarkibiga kiritilmagan edi.
AQSh prezidenti Donald Tramp Huangni or-nomusli inson deb atab, uning Qo‘shma Shtatlarga qo‘shgan hissasini yuqori baholadi. Biroq Pekinga ma’lumot uzatgani da’vo qilinayotgan xitoylik ishbilarmon ayol bilan munosabati haqida u bilan gaplashmaganini bildirdi.
Tramp Huang “mamlakatimiz uchun ajoyib ishlarni amalga oshirganini” aytib, uni “or-nomusli inson” deb hisoblashini ta’kidladi.
Nvidia avvalgi bayonotida Jensen Huangning Elis Huang bilan aloqalari “g‘ayrioddiy yoki kutilmagan” holat emasligini, ular odatiy tijoriy munosabatlar doirasida kechganini bildirgan edi. Kompaniya, shuningdek, Megaspeed hech qachon korporativ maxfiy ma’lumotlar yoki tijorat sirlarini qo‘lga kiritmaganini ta’kidlagan.
Xitoy oktabr oyida New York Times’da chop etilgan ushbu mavzudagi xabarni rad etib, da’volarni “asossiz” va “Xitoyni obro‘sizlantirish kampaniyasidan boshqa narsa emas” deb atagan.
New York Times ma’lumotiga ko‘ra, Oq uy, Davlat departamenti va Markaziy razvedka boshqarmasi — CIA bu borada izoh berishdan bosh tortgan. Elis Huang ham izoh so‘rab yuborilgan murojaatlarga javob bermagan.
























