Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda ma’muriy - hududiy islohotdan so‘ng takroriy nomlarni bartaraf etish va transport yo‘nalishlarini soddalashtirish maqsadida ko‘plab ko‘cha va xiyobonlar birlashtirilib, qirg‘izcha hamda milliy nomlar bilan qayta nomlandi.
Bishkek shahar kengashi qaroriga ko‘ra bir - biriga tutash va turli nomlarga ega bo‘lgan ko‘plab ko‘cha va magistrallar yagona nom ostida birlashtirildi.
Qabul qilingan qarorga muvofiq Qirg‘izistonda 2010 - yilning 7 - aprelida yuz bergan xalq inqilobidan so‘ng shahardagi to‘rtta magistraldan biriga berilgan «7 - aprel» nomi ham bekor qilindi.
Shuningdek, sobiq Sovet ittifoqi davridan qolgan Puteprovodnaya, Molodaya gvardiya (Yosh gvardiyachilar xiyoboni), Seleksionnaya, Muromskaya, Pobeda, Vasilyevskiy Trakt, Maksim Gorkiy, Okrainnaya, Naberejnaya va Tsentralnaya Beregovaya kabi nomlardan ham voz kechildi.
Ko‘cha va xiyobonlarga qirg‘izcha nomlar berildi
Bir yarim millionga yaqin aholiga ega bo‘lgan Bishkekdagi asosiy magistrallarga Chuy (Tyanshanning shimoliy etagidagi vodiy nomi), Jibek Jolu (Tarixiy Ipak yo‘li), Chingiz Aytmatov (yozuvchi va davlat arbobi) hamda Aali To‘kombayev (yozuvchi va shoir) nomlari berildi.
Asosiy ko‘chalarga esa Manas (milliy qahramon), Shabdan Batir (milliy qahramon), Jusup Abdraxmanov (qirg‘iz davlat arbobi), Qurmanjon Datka (milliy qahramon ayol), Imanali Aydarbekov (qirg‘iz davlat arbobi), Absamat Masaliyev (qirg‘iz davlat arbobi), Anqara (Turkiya poytaxti), Mahatma Gandi (Hindistonning sobiq rahbari) va Den Syaopin (Xitoyning sobiq rahbari) nomlari berildi.
Qirg‘iziston Prezident saroyi joylashgan Chingiz Aytmatov va Manas ko‘chalari Chingiz Aytmatov ko‘chasi nomi ostida birlashtirildi.
Shaharning g‘arbiy va sharqiy qismlarini bog‘lovchi Mixail Frunze, Den Syaopin, Chuy va Shabdan Batir ko‘chalari Chuy ko‘chasi deb qayta nomlandi.
Chuy va Jibek jo‘lu ko‘chalari Pobeda ko‘chasi bilan birlashtirilib, Jibek jo‘lu ko‘chasi deb nomlandi.
Jayil Baatir, Absamat Masaliyev, Aali To‘kombayev va Kayikov ko‘chalari Aali To‘kombayev ko‘chasi nomi ostida birlashtirildi.
Asosiy ko‘chalar nomi ham o‘zgartirildi
Maksim Gorkiy va Anqara ko‘chalari Anqara ko‘chasi, Anvarbek Cho‘rtekov va Krivonosov ko‘chalari esa Absamat Masaliyev ko‘chasi deb qayta nomlandi.
Beregovaya, Okrainnaya, Ko‘k - Say, Kurmanaliyev va Naberejnaya ko‘chalari Den Syaopin ko‘chasi nomi ostida birlashtirildi.
Baytik Batir, Jusup Abdraxmanov, Abdinasir Elebesov va Tsentralnaya ko‘chalari Jusup Abdraxmanov ko‘chasi deb nomlandi.
Lev Tolstoy, Puteprovodnaya va Sari O‘zon ko‘chalari Shabdan Batir ko‘chasiga aylantirildi.
Shaharni aeroport bilan bog‘laydigan Yuliy Fuchik va Vasilyevskiy Trakt ko‘chalari Manas ko‘chasi deb qayta nomlandi.
Yosh gvardiyachilar xiyoboni va Mahatma Gandi ko‘chasi birlashtirilib, Imanali Aydarbekov ko‘chasi deb nomlandi. Seleksionnaya va Muromskaya ko‘chalari esa birlashtirilib, Mahatma Gandi ko‘chasiga aylantirildi.
«7 - aprel» va Qurmanjon Datka ko‘chalari birlashtirilib, Qurmanjon Datka ko‘chasi deb nomlandi. Vinogradnaya ko‘chasiga esa Lev Tolstoy nomi berildi.
Ma’muriy - hududiy islohot natijasida hududi qariyb uch barobar kengaygan Bishkekda, atrofdagi aholi punktlarining shaharga qo‘shilishi sababli ma’muriy chegaralar va infratuzilma xizmatlari kengaydi. Natijada ko‘cha nomlarida takrorlanishlar yuzaga kelgan edi.
Bishkek hokimligi texnik infratuzilma ishlari yakunlangach, jamoat transporti yo‘nalishlari, bekatlar haqidagi ma’lumotlar va shahar infratuzilmasiga oid ma’lumotlar, shuningdek, shaharning kadastr va raqamli manzil xaritasi to‘liq yangilanishini ma’lum qilgan edi.




















