DUNYO
2 daqiqa o'qish
Nepalda sel va yer ko‘chkilari: 270 kishi halok bo‘ldi, yuzlab kishi bedarak yo‘qoldi
Xitoy chegarasi yaqinida yuz bergan to‘satdan suv toshqinlari va yer ko‘chkilaridan keyin qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda. Kamida 384 nafar sayyoh, yo‘lovchi va xavfsizlik xodimidan xabar olinmayapti.
Nepalda sel va yer ko‘chkilari:  270 kishi halok bo‘ldi, yuzlab kishi bedarak yo‘qoldi
Nepalning Nuvakot tumanidagi Trishuli hududida to‘satdan yuz bergan suv toshqini oqibatida uylar va yo‘lni loy qoplagan, 2026-yil 26-avgust. / Reuters

Nepalda Xitoy chegarasi yaqinida yuz bergan to‘satdan suv toshqinlari va yer ko‘chkilari oqibatida sayyohlar va yo‘lovchilar bilan birga harbiylar hamda politsiya xodimlaridan iborat kamida 384 kishi bedarak yo‘qolgani bildirildi. Rasmiylar kamida 270 kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi.

Politsiya chorshanba kuni Nepal bilan Xitoyning Tibet hududi o‘rtasidagi Himolay chegara mintaqasini qamrab olgan to‘satdan suv toshqinlarida halok bo‘lganlar soni 270 nafarga yetganini bildirdi.

Nepal tashqi ishlar vaziri Shishir Khanal parlamentga bergan ma’lumotida, toshqin suvlari harbiy qarorgohlarni oqizib ketganidan so‘ng rasmiylar, harbiylar va politsiya xodimlari ham bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatiga kiritilganini aytdi.

Nepal Turizm kengashi esa alohida bayonotida 384 kishi bedarak yo‘qolgan sifatida qayd etilganini bildirdi.

Kengash bayonotida:

“Rasmiylar tabiiy ofatdan zarar ko‘rgan hududlarda bo‘lgan yoki ushbu hududlardan o‘tgan sayyohlar va yo‘lovchilarning qayerdaligi hamda xavfsiz ekanini aniqlash uchun ish olib bormoqda”, deyiladi.

Khanal Rasuva hududida toshqin suvlari harbiy qarorgohlarni oqizib ketganidan keyin 29 nafar politsiya xodimi va Nepal armiyasining 44 nafar harbiy xizmatchisidan ham xabar olinmayotganini aytdi.

Hukumat hisob-kitoblariga ko‘ra, 19 ta ko‘prik vayron bo‘lgan, 40 kilometrlik yo‘lga zarar yetgan va 13 ta gidroelektr stansiyasi shikastlangan.

Shuningdek, qariyb 200 ta yuk mashinasi sel oqimida qolib ketgan.

Keng ko‘lamli vayronagarchilik

Khanal chorshanba kuni chegara hududida yuz bergan zilzila qor ko‘chishini keltirib chiqargani, bu esa “oxir-oqibat Xitoyning Tibet hududidagi muzlik ko‘llarining buzilishiga sabab bo‘lganini” aytdi.

Pekin ushbu hududni Xizang muxtor rayoni deb ataydi.

Khanal:

“Suv toshqini oqibatida ko‘plab gidroelektr stansiyalari, davlat binolari va yo‘l infratuzilmasi butunlay vayron bo‘ldi”, dedi.

AQSh Geologik tadqiqotlar instituti ma’lumotiga ko‘ra, Xitoyning Tibet hududi bilan chegaradosh Nepalning Kodari qishlog‘ida mahalliy vaqt bilan soat 08.37 da 4,4 magnitudali zilzila yuz bergan.

Chegaraning har ikki tomonida keng ko‘lamli qidiruv-qutqaruv ishlari boshlandi.

Bedarak yo‘qolganlar orasida Nepal, Hindiston, Buyuk Britaniya, Janubiy Afrika, Avstraliya va Niderlandiya fuqarolari bor. Ko‘plab kishilarning fuqaroligi  esa hozircha aniqlanmagan.

Janubiy Koreyaning Yonhap News agentligi mamlakat Tashqi ishlar vazirligiga tayanib, sakkiz nafar Janubiy Koreya fuqarosidan xabar olinmayotgani, yana 10 kishi esa Nepaldagi suv toshqinlari sababli yo‘lda qolib ketganini ma’lum qildi.

Khanal suv toshqinlari Rasuva, Dxading va Chitvan hududlarida keng ko‘lamli vayronagarchiliklarga sabab bo‘lganini aytdi.