TURK DUNYOSI
3 daqiqa o'qish
To‘qayev: Qozog‘iston logistika markaziga aylanadi
Kasim - Jo‘mart To‘qayev, Qozog‘iston Xitoyni Yevropa bilan bog‘lovchi asosiy logistika markaziga aylanishi kerakligini ta'kidladi.
To‘qayev: Qozog‘iston logistika markaziga aylanadi
_

Qozogiston Prezidenti Kasim - Jomart Toqayev mamlakati Xitoyni Markaziy Osiyo, Kavkaz, Yaqin Sharq va Yevropa bilan boglovchi asosiy transport va logistika markaziga aylanishi kerakligini ta’kidlab: “Bu bizning strategik maqsadimizdir” - dedi.

Qozog‘iston Prezidentining matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, xizmat safari doirasida hozirda Xitoyning Shanxay shahrida bo‘lgan Toqayev Xitoyning yetakchi yuqori texnologiyali kompaniyalari rahbarlari bilan davra suhbati o‘tkazdi.

Toqayev o‘z nutqida Qozog‘iston bilan Xitoy o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik o‘z tarixdagi eng yuqori darajaga yetganini ta’kidladi.

U ikki davlat munosabatlari “oltin davr”ga kirganini ifoda etib, Xitoy Raisi Si Szinpinga strategik sheriklikni mustahkamlashga qo‘shgan hissasi uchun minnatdorlik bildirdi.

Toqayevning so‘zlariga ko‘ra ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy ishonch savdo, investitsiyalar va iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun mustahkam asos yaratmoqda.

Uning aytishicha o‘tgan yili Qozog‘iston bilan Xitoy o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi rekord darajaga yetib, 49 milliard AQSh dollarini tashkil etdi. Shuningdek, Xitoy bugungi kungacha Qozog‘iston iqtisodiyotiga 30 milliard dollardan ortiq sarmoya kiritgan.

Toqayev mamlakatda Xitoy sarmoyasi ishtirokidagi 8 500 dan ortiq kompaniya faoliyat yuritayotgani, CNPC, CITIC va Huawei kabi kompaniyalar Qozog‘iston iqtisodiyotini modernizatsiya qilishga muhim hissa qo‘shayotganini qayd etdi.

U so‘nggi yillarda ikki davlat ko‘plab qo‘shma loyihalarni amalga oshirgani, ular yangi ish o‘rinlari yaratgani, ilg‘or texnologiyalarni joriy etgani va sanoat sohasidagi hamkorlikni mustahkamlaganini ta’kidladi.

Toqayev Xitoyning avtomobil ishlab chiqaruvchilari ham Qozog‘istonda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yganiga e’tibor qaratgan holda mamlakatda HOWO, Yutong va JAC markalari ishlab chiqarilayotgani; o‘tgan yili esa Changan, Great Wall Motor va Chery brendlarining ko‘p markali ishlab chiqarish zavodi ishga tushirilganini ma’lum qildi.

“Qozog‘iston asosiy logistika markaziga aylanishi kerak”

Toqayev Qozog‘iston Yevrosiyo transport tarmog‘ida muhim o‘rin tutishini ta’kidlab shunday dedi: “Qozog‘iston Xitoyni Markaziy Osiyo, Kavkaz, Yaqin Sharq va Yevropa bilan bog‘laydigan asosiy transport va logistika markaziga aylanishi kerak. Bu bizning strategik maqsadimizdir”.

U mamlakat hududidan 13 ta xalqaro transport yo‘lagi o‘tishini, shuningdek, Xitoy va Yevropa o‘rtasidagi temiryo‘l yuk tashuvlarining qariyb 85 foizi Qozog‘iston orqali amalga oshirilayotganini bildirdi.

Toqayev so‘nggi 15 yil davomida transport va logistika infratuzilmasiga 35 milliard dollardan ortiq sarmoya kiritilgani, yangi temiryo‘l liniyalari qurilgani hamda Trans - Kaspiy xalqaro transport yo‘lagi (O‘rta yo‘lak) quvvati oshirilganini ta’kidladi.

Shuningdek, u muhim foydali qazilmalar sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish zarurligini qayd etib; Qozog‘iston strategik mineral zaxiralari bo‘yicha dunyoning yetakchi davlatlaridan biri ekani va xalqaro hamkorlar bilan birgalikda yuqori qo‘shilgan qiymatli ishlab chiqarishni rivojlantirishni maqsad qilganini bildirdi.

15 milliard dollarlik bitimlar

Shanxayga bo‘lgan tashrif doirasida Toqayev ishtirokida umumiy qiymati 15 milliard AQSh dollaridan ortiq bo‘lgan 70 dan ziyod tijorat bitimlari imzolandi.

Ma’lum qilinishicha ushbu bitimlar sun’iy intellekt va raqamlashtirish, transport infratuzilma, moliya, agro - sanoat, mashinasozlik hamda boshqa yuqori texnologiyali tarmoqlarni o‘z ichiga oladi.