Qirg‘iziston Prezidenti huzuridagi Milliy investitsiyalar agentligi tomonidan tashkil etilgan forumda investorlar, biznes vakillari, xalqaro moliya tashkilotlari hamda ekspertlardan iborat 600 nafardan ortiq ishtirokchi qatnashdi.
Forumning ochilish marosimida so‘zga chiqqan Qirg‘iziston Vazirlar kengashi raisining birinchi o‘rinbosari Daniyar Amangeldiyev, ShHTning 2025–2026-yillardagi raisligi davrida ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash va infratuzilmaviy to‘siqlarni bartaraf etish maqsadida qator chora - tadbirlar amalga oshirilganini ta’kidladi.
Amangeldiyev ShHTning jahon iqtisodiyotidagi strategik o‘rniga to‘xtalib, mavzu haqida shunday dedi: «ShHTga a’zo davlatlar 3,5 milliarddan ortiq aholiga va 33 trillion dollarlik yalpi ichki mahsulotga ega 10 mamlakatni birlashtiradi ham - da global iqtisodiyotning eng yirik markazlaridan birini tashkil etadi. Mamlakatlarimiz dunyo qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining 38 foizini ishlab chiqaradi. So‘nggi to‘rt yil ichida Qirg‘iziston bilan ShHT davlatlari o‘rtasidagi savdo hajmi ikki barobardan ko‘proq oshdi. Barqaror rivojlanish uchun raqamli savdo, yashil energetika, transport, logistika va infratuzilma kabi yo‘nalishlarga e’tibor qaratishni taklif qilamiz».
«Har bir mamlakatning o‘ziga xos ustun jihatlari bor»
Qirg‘iziston Savdo - sanoat palatasi raisi Temir Sariyev ShHT umumiy farovonlikning harakatlantiruvchi kuchiga aylanishi kerakligini ta’kidlab, a’zo davlatlarning salohiyatiga e’tibor qaratdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra Xitoy texnologiyalar, Rossiya energetika, Qozog‘iston bilan Qirg‘iziston esa tranzit yo‘laklari borasida muhim ustunliklarga ega.
«Qirg‘iziston sizning g‘oyalaringiz, investitsiyalaringiz va biznesingiz uchun ochiq» — dedi Sariyev.
ShHT Bosh kotibi o‘rinbosari Piao Yanfan tashkilotning mintaqaviy tinchlik, barqarorlik va xalqlar farovonligiga qo‘shayotgan hissasini yodga solib, forum ishbilarmonlar uchun aniq va amaliy kelishuvlar bilan yakunlanishidan umidvor ekanini qayd etdi.
Forum doirasida memorandumlar va niyat bayonnomalarini ham o‘z ichiga olgan, umumiy qiymati 150 million dollar bo‘lgan 12 ta investitsiya va savdo shartnomasi imzolandi.




















