TURK DUNYOSI
2 daqiqa o'qish
Turk kompaniyalari Qozog‘istonda uyushtirilgan yirik tadbirda ishtirok etmoqda
Turk kompaniyalari Qozog'istonda uyushtirilgan dunyoning eng yirik texnologiya tadbirlaridan birida mahsulotlar va xizmatlarini namoyish etmoqda.
Turk kompaniyalari Qozog‘istonda uyushtirilgan yirik tadbirda ishtirok etmoqda
_

Turk kompaniyalari Qozog‘istonning Olmaota shahrida ilk bor o‘tkazilgan, dunyodagi eng yirik texnologiya tadbirlaridan biri bo‘lgan “Gitex Markaziy Osiyo va Kavkaz” ko‘rgazmasida o‘z mahsulot va xizmatlarini namoyish etdi.

Dushanba kuni boshlangan va ikki kun davom etadigan Gitex AI Qozog‘iston tadbiri 50 mamlakatdan 336 ta texnologik tashabbus va kompaniyani, 100 dan ortiq investorni hamda soha mutaxassislari va xususiy sektor vakillarini o‘z ichiga olgan 200 dan ortiq spikerni bir joyga to‘pladi. Tadbir doirasida kiberxavfsizlik kompaniyasi Opinnate, IT kompaniyasi Geolab va Turkiyaning sun’iy yo‘ldosh va axborot texnologiyalari giganti Türksat kabi kompaniyalarni o‘z ichiga olgan Turkiya pavilyoni ham tashkil etildi.

Opinnate asoschi hamda bosh ijrochi direktori Serkan Ozden ushbu mintaqada ilk Gitex ko‘rgazmasi bo‘lgani uchun ko‘rsatilgan katta qiziqish rag‘batlantiruvchi ekanini aytib, mavzu shunday dedi: “Biz mintaqada o‘z o‘rnimizni mustahkamlashga harakat qilyapmiz. Bu yerda distribyutor bilan kelishuvimiz bor va bu yil bozorda faol ish boshladik. Biz xavfsizlik devorlaridagi konfiguratsiya xatolarini aniqlab, zaifliklarni topishga yordam beramiz. Bu bozorda bizning global miqyosdagi isroillik raqobatchilarimiz bor, ammo biz ularga nisbatan bir qator ustunliklarga ega turk ishlab chiqaruvchimiz. Ko‘plab mijozlar raqobatchi yechimlardan voz kechib bizga o‘tdi; shu kabi muvaffaqiyatni bu yerda ham maqsad qilganmiz”.

Geolab geoinformatsion tizimlar bo‘yicha mutaxassisi Esra Chindir avvalroq Dubaydagi Gitex ko‘rgazmasida ham qatnashganlarini va yaxshi natija olganlarini aytib, shunday dedi: “Mijozlar profilini ko‘rish uchun bu yerdamiz va qiziqishdan mamnunmiz. Uchrashuvlar juda yaxshi ketmoqda. Biz raqamli xaritalash, sun’iy yo‘ldosh tasvirlari va 360 darajali ko‘cha ko‘rinishi kabi sohalarda ishlaymiz. Rossiya bilan loyihalarimiz bor, endi Qozog‘istondagi ehtiyojni tahlil qilib yangi mijozlar izlayapmiz”.

Korxonalarning raqamli transformatsiyasi va elektron hukumat yechimlarini taqdim etuvchi Türksat esa o‘z xizmatlarini do‘st va ittifoqchi davlatlarga eksport qilish maqsadida Qozog‘istonda tanishtirildi. Kompaniya vakillari katta qiziqish bilan qarshi olinganini va maqsadli mamlakatlarda strategik hamkorliklar rivojlantirishni rejalashtirayotganlarini bildirdi.